
Turkiya futbolida kutilmagan mojaro avj oldi — mamlakat Futbol Federatsiyasi o‘tkazgan ichki tekshiruv natijalari butun sport jamoatchiligini larzaga soldi, deb xabar berdi Daily Sabah.
Ma’lumotlarga ko‘ra, so‘nggi oylarda o‘tkazilgan keng qamrovli so‘rov va moliyaviy tahlillar natijasida Turkiyada faoliyat yuritayotgan futbol hakamlarining 65 foizi bukmekerlik platformalarida shaxsiy hisob raqamlariga ega ekani aniqlangan.
Bu bilan ish tugamadi — o‘rganishlar shuni ko‘rsatdiki, ularning kamida 152 nafari faol ravishda qimor o‘ynashda qatnashib kelgan. Boshqacha aytganda, har to‘rt hakamdan biri sportga oid pul tikuv operatsiyalarida ishtirok etgan.
Bu holat nafaqat ichki musobaqalar, balki butun turk futboli obro‘siga jiddiy soya tashladi. FIFA va UYEFA qoidalariga ko‘ra, futbol hakamlariga bukmekerlik faoliyati bilan shug‘ullanish mutlaqo man etiladi. Ushbu talabni buzgan shaxslar nafaqat lavozimidan umrbod chetlashtirilishi, balki jinoiy javobgarlikka ham tortilishi mumkin.
Turkiya Futbol Federatsiyasi rahbariyati bu holatni “sistemaviy xato” sifatida baholadi va favqulodda yig‘ilish chaqirdi. Federatsiya ma’lum qilishicha, ayrim hakamlar o‘z hisob raqamlaridan “pari tikmaganini, balki statistika yoki yangiliklar kuzatish maqsadida ro‘yxatdan o‘tganini” ta’kidlagan. Biroq tekshiruv natijalarida bunday bahonalar asossiz deb topilgan.
Federatsiyaning intizom qo‘mitasi hozirda barcha ishtirokchilarga nisbatan alohida so‘rov o‘tkazmoqda. Jinoiy elementlar aniqlangan taqdirda, ish huquqni muhofaza qiluvchi organlarga yuborilishi aytildi.
Mamlakatdagi futbol muxlislari va ekspertlar esa bu holatdan qattiq norozi. Ular ta’kidlamoqda: hakamlarga ishonch so‘nggi yillarda shunday ham pasaygan edi, endi esa vaziyat butunlay yomonlashdi.
Mavjud muammo fevral oyida ham yaqqol ko‘zga tashlangandi — o‘shanda Turkiya Superligasining eng muhim bahslaridan biri, “Galatasaroy” va “Fenerbahche” o‘rtasidagi derbiga mahalliy hakam emas, balki Niderlandiyadan tajribali referi Denni Makkeli jalb etilgandi.
Bu qaror o‘sha paytda ham “hakamlik tizimiga ishonch qolmaganini” anglatuvchi ochiq ishora sifatida baholangandi. Endi esa ichki tekshiruv natijalari bu ishonchsizlikning asosli ekanini tasdiqlaganday bo‘ldi.
Turkiya Futbol Federatsiyasi yaqin haftalarda hakamlik tizimini tubdan yangilash rejasini taqdim etishi kutilmoqda. Shu bilan birga, yosh hakamlar uchun maxsus “axloq va odob kodeksi” joriy etilishi, qimorbozlikka qarshi qat’iy ichki nazorat mexanizmi ishlab chiqilishi rejalashtirilgan.
Futbol tahlilchilari ta’kidlamoqda — bu faqat Turkiya emas, balki dunyo futboli uchun ham ogohlantiruvchi zanjir bo‘lishi kerak. Chunki hakamning xolisligi — o‘yin natijasidan ham muhim, uning sofligi esa butun sportning kelajagini belgilaydi.
“Zamin”ni Telegramʻda oʻqing!