
World Boxing xalqaro tashkiloti so‘nggi rasmiy reytingini e’lon qildi. Yangi ma’lumotlarga ko‘ra, O‘zbekiston terma jamoasi umumiy jahon hisobida birinchi o‘rinni egalladi, deb xabar berdi tashkilot matbuot xizmati.
Qozog‘iston jamoasi reytingda ikkinchi pog‘onadan joy oldi.
O‘zbekiston sharafini himoya qilayotgan olti nafar bokschi o‘z vazn toifalarida yetakchi sifatida qayd etilgan. Ular — Abdumalik Xalokov (60 kg), Asadxo‘ja Moydixojayev (65 kg), Fazliddin Erkinboyev (75 kg), Jahongir Ummataliyev (80 kg), Akmaljon Isroilov (85 kg) va To'rabek Habibullayev (90 kg).
Qozog‘istonlik sportchilardan esa Sanjar Toshkenbay (50 kg), Mahmud Sobirxon (55 kg), To‘raxan Sobirxon (70 kg) va Aybek Oralbay (+90 kg) o‘z toifalarida yetakchilik qilmoqda.
Shunday qilib, O‘zbekiston bokschilari 10 vazn toifasining 6 tasida peshqadam bo‘ldi, Qozog‘istonlik raqiblar esa 4 toifada yetakchilikni saqlab qolgan.
World Boxing tashkiloti o‘zining rasmiy Instagram sahifasida shunday yozdi: “O‘zbekiston bokschilari reytingning asosiy qismida peshqadamlikni davom ettirmoqda”.
“Zamin”ni Telegramʻda oʻqing!