Arteta “Arsenal”ning mag‘lubiyatiga qanday munosabat bildirdi?

“Arsenal” bosh murabbiyi Mikel Arteta Angliya Premyer-ligasi 32-turida “Bornmut”ga qarshi o‘tkazilgan va 1:2 hisobida yakunlangan uchrashuvdan so‘ng o‘z fikrlarini bildirdi.
Murabbiy natijadan qattiq norozi ekanini yashirmadi, biroq jamoaning umumiy harakatini ham eʼtirof etdi. Uning taʼkidlashicha, “Arsenal” so‘nggi turlargacha 11 o‘yin davomida mag‘lubiyatsiz kelgan va bu davrda futbolchilar juda ko‘p ijobiy jihatlarni ko‘rsatishgan.
Artetaning so‘zlariga ko‘ra, “Bornmut”ga qarshi uchrashuvda asosiy muammo samaradorlik yetishmasligi bo‘lgan. U futbolda har qanday natija bo‘lishi mumkinligini, bu sportning tabiati ekanini ham alohida qayd etdi.
— «Natijadan xafa bo‘ldik. Endi hammasi bizning reaksiyamizga bog‘liq. Jamoa uzoq vaqt davomida mag‘lub bo‘lmay kelayotgan edi, futbolchilar to‘g‘ri ishlar ko‘p qilishdi. Lekin bugun samara yetishmadi. Bu — futbol», — dedi Arteta.
Uning fikricha, futbolchilar ruhiy jihatdan bu mag‘lubiyatni qabul qilib, tezda tiklanishi kerak. Aks holda jamoa kurashdan chetda qolishi mumkin. Shuningdek, oldinda juda muhim hafta turgani va natijalar taqdiri hal bo‘lishi mumkinligi ham aytildi.
Hozirgi holatga ko‘ra, “Arsenal” 70 ochko bilan Premyer-liga jadvalida peshqadamlikni saqlab turibdi.
“Zamin”ni Telegramʻda oʻqing!