
Turkiya futbol jamoatchiligini larzaga solgan yangi mojaro haqida mahalliy OAVlar keng yozmoqda. Turkiya huquqni muhofaza qilish organlari taqiqlangan onlayn o‘yinlarga pul tikish bilan bog‘liq katta miqyosli tergov ishini boshladi.
Ma’lumotlarga ko‘ra, mazkur ish doirasida mamlakatdagi turli liga va klublarda faoliyat yuritayotgan taxminan 600 nafar futbolchi so‘roqqa chaqiriladi. Ular noqonuniy bukmekerlik saytlarida ishtirok etganlikda gumon qilinmoqda.
Turkiye nashri yozishicha, tergov ishlariga xalqaro politsiya tashkiloti — Interpol ham qiziqish bildirgan. Tergov natijalariga ko‘ra, ayrim futbolchilar, murabbiylar va klub menejerlari Albaniya, Bolgariya hamda Shimoliy Kiprda faoliyat yuritayotgan onlayn platformalar orqali pul tikish operatsiyalarida qatnashgan bo‘lishi mumkin.
Hozircha aniq ismlar oshkor qilinmagan bo‘lsa-da, manbalar ayrim Superliga klublari vakillari ham tergov doirasiga tushganini ta’kidlamoqda.
Bu voqea Turkiya futbolida oxirgi yillarda kuzatilayotgan bukmekerlik bilan bog‘liq mojarolar silsilasining davomi bo‘ldi. Avvalroq Turkiya futbol federatsiyasi (TFF) maxsus tekshiruv o‘tkazib, bukmekerlik hisoblariga ega bo‘lgan 149 nafar hakamni faoliyatdan vaqtincha chetlatgan edi.
Tashkilot qaroriga ko‘ra, ular musobaqalardan 8 oydan 1-yilgacha bo‘lgan muddatda diskvalifikatsiya qilingan. Ushbu harakat sportdagi shaffoflikni ta’minlash va futbolda ishonchni tiklashga qaratilgan deb ta’kidlandi.
Shu bilan birga, Istanbul bosh prokuraturasi hakamlar bilan bog‘liq jinoyat ishi doirasida 18 nafar gumonlanuvchini qo‘lga olish haqida order berdi. Tekshiruvlar davomida ushlanganlar orasida hatto Superliga klubi prezidenti ham borligi ma’lum bo‘ldi.
Mahalliy manbalarning qayd etishicha, mazkur jinoyat ishlari orqali mamlakatda noqonuniy bukmekerlik tizimlari orqali katta mablag‘lar aylanishi fosh etilmoqda. Tergovchilar ayni paytda pul oqimining yo‘nalishini, chet el bilan bog‘liq sxemalarni va guruhli jinoyatchilar faoliyatini o‘rganmoqda.
Turkiya huquqni muhofaza qilish idoralari bu holatni “futbolning sha’niga dog‘ tushiradigan jinoyat” sifatida baholamoqda. Mamlakat sport vazirligi va federatsiyasi esa futbolda tozalik va qonuniylikni ta’minlash maqsadida barcha ishtirokchilarni jiddiy nazorat ostiga olishni boshladi.
Shuningdek, Interpolning aralashuvi tergov ishiga xalqaro tus berdi — bu esa nafaqat Turkiya, balki Yevropa futbol hamjamiyatida ham katta qiziqish uyg‘otdi.
Hozirda so‘roq jarayonlari davom etmoqda, tergov natijalari va ehtimoliy jazo choralari yaqin haftalarda ma’lum bo‘lishi kutilmoqda.
“Zamin”ni Telegramʻda oʻqing!