U-17 posboni Rustamjonov mundial saboqlari haqida gapirdi

O‘zbekiston U-17 terma jamoasining yosh va iqtidorli darvozaboni Ne’matulloh Rustamjonov kichik jahon chempionatidagi ishtirok, jamoa hissiyoti va shaxsiy taassurotlari haqida ochiq fikr bildirdi. Unga ko‘ra, natija kutilganidek chiqmagan bo‘lsa-da, jamoa imkoni boricha kurashdi, maydonda jon-jahdi bilan harakat qildi va hal qiluvchi pallalarda omad ozgina yetishmadi.
Darvozabon aytishicha, Yevropa jamoalari fizik jihatdan ancha ustun, ammo eng katta farq – ularning taktik fikrlash darajasida. Rustamjonov buni tan olgan holda, bu tajriba bizning o‘yinchilar uchun kelgusi o‘sishda qimmatli maktab bo‘ladi, deb hisoblaydi.
“Bu musobaqa biz uchun katta imkoniyatlar eshigi,” deydi u. “Jahon chempionati – shunchaki turnir emas, balki katta bozor. Jamoadoshlarimning ko‘pchiligi yaqin yillarda Yevropa klublariga yo‘l olishiga ishonaman. Bu o‘yinlar hammamizga ulkan saboq va yangi yo‘nalish bo‘ldi.”
Darvozabon ayniqsa Xorvatiyaga qarshi kechgan bahsni alohida esladi. Uning ta’kidlashicha, o‘yindan oldin penalti tepish bo‘yicha raqib futbolchilarni chuqur o‘rganish imkoni bo‘lmagan. Shu bois u o‘yin davomida raqiblar bilan muloqot qilib, bosim o‘tkazish orqali ularni ruhiy jihatdan bezovta qilishga uringan.
Ne’matullohning fikricha, har bir o‘yin, har bir vaziyat va har bir xatolik — kelajakdagi o‘sish uchun asos. U bunday musobaqalar yosh futbolchilarning xarakteri, irodasi va musobaqabardoshligini shakllantirishda muhim rol o‘ynashiga ishonadi.
Yosh posbon so‘zini shunday yakunladi: “Biz qaytdik, ammo boshni egiltirmagan holda. Bu yo‘lning boshi xolos. Yigitlarimiz Yevropada o‘ynashga qodir. Kerak bo‘lgani – mehnat, qat’iyat va o‘z kuchiga ishonch.”
“Zamin”ni Telegramʻda oʻqing!