
Chempionlar ligasida “Barselona”ga qarshi katta g‘alaba (3:0) qozongan “Chelsi” bosh murabbiyi Enso Mareska o‘yindan keyingi fikrlari bilan bo‘lishdi. Uning so‘zlariga ko‘ra, natija tasodif emas — jamoa tayyorgarligi, intizomi va o‘yindagi ishtiyoqi bunga to‘liq xizmat qildi.
Bellashuvning ilk qismida kataloniyaliklar himoyachisi Ronald Arauxo sur’ati baland epizoddan so‘ng maydondan chetlatilgandi. Biroq Mareska bu holatni o‘yin taqdiriga katta ta’sir qilgan omil sifatida baholamadi:
“Biz 11ga 11 sharoitida ham a’lo o‘ynadik. “Barsa” to‘pga egalik qilishda o‘zini juda erkin his qiladi, lekin to‘psiz holatda ular unchalik ham ishonchli emas. Biz buni his qilib, ularning bo‘sh zonalarini topdik”, – dedi Mareska.
Murabbiyning ta’kidlashicha, “Chelsi” nafaqat uchta gol urdi, balki yana kamida uch marta darvozaga yo‘llangan gollari VAR sabab bekor qilindi. Bundan tashqari, yana bir qator xavfli vaziyatlar yaratilgan.
“O‘yindan keyin futbolchilarga aytib o‘tdim: hozirgi eng muhim jihat — tiklanish. Juma kunidan boshlab barcha diqqatni “Arsenal”ga qaratish kerak. Impulsni saqlab qolish muhim, chunki g‘alabadan keyin tiklanish har doim oson kechadi”, – deya qo‘shimcha qildi murabbiy.
Mareskaning bu bayonoti “Chelsi” jamoasining o‘yin uslubi tobora shakllanayotganini va muvaffaqiyatlar davom etishi uchun ichki ritmni yo‘qotmaslik eng muhim omil ekanini ko‘rsatib turibdi. Londonliklar endi Premer ligadagi navbatdagi katta sinov — derbida “Arsenal”ga qarshi bahsga tayyorlanmoqda.
“Zamin”ni Telegramʻda oʻqing!Mehmon guruhidagi foydalanuvchilar ushbu nashrga izoh qoldira olmaydi.