
AQSH, Kanada va Meksika mezbonlik qiladigan navbatdagi Jahon chempionati uchun guruh bosqichi qur’asi tashlandi. O‘zbekiston terma jamoasi “K” guruhidan joy oldi va unda Portugaliya, Kolumbiya hamda Kongo/Yamayka/Yangi Kaledoniya saralashdan keladigan jamoa raqib sifatida uchraydi. Qur’a natijalari muxlislarda katta qiziqish uyg‘otdi va bu borda futbol sharhlovchisi Xayrulla Hamidov ham o‘z fikrini bildirdi.
Sharhlovchining ta’kidlashicha, Portugaliya bilan bir guruhda tushishni yaxshi yoki yomon deb darhol aytish qiyin. Ammo tartib-jadvalga nazar tashlansa, ayniqsa ikkinchi turda ushbu jamoa bilan o‘ynash O‘zbekiston uchun muayyan ustunlik keltirishi mumkin. “Portugaliya birinchi o‘yinda Kongoni osonlik bilan mag‘lub etishi ehtimoli yuqori. Shu bois ular bizga qarshi to‘liq kuch bilan o‘ynamasligi mumkin. Bu esa ochko olish imkoniyatini oshiradi. Lekin bunga erishish uchun birinchi turda Kolumbiyaga qarshi kamida durang qayd etishimiz shart”, deydi Hamidov.
U, shuningdek, Krishtianu Ronalduning O‘zbekistonga qarshi maydonga tushishini ham ijobiy holat sifatida baholaydi. “Ronaldu o‘ynagan o‘yinlarda butun jamoa unga ortiq darajada xizmat qiladi. Ba’zi bellashuvlarda unga 30 dan ortiq uzatma qilingan holatlar ham bor. Bu vaziyatlarda u yoki jamoani yetaklab gollar urib jo‘natadi, yoki aksincha, samara bermasa tanqid ostida qoladi. Ronaldusiz esa Portugaliya mayda paslar bilan, erkinroq harakat qilib, ko‘p gol urayotgan o‘yinlar ham bo‘lgan. Shuning uchun ayrim holatlarda Ronaldusiz Portugaliya xavfliroq ko‘rinishi mumkin”, — deydi sharhlovchi.
Uning fikricha, top-jamoalarga qarshi Ronalduning maydonda bo‘lishi Portugaliya uchun katta afzallik, chunki u himoyachilarni o‘ziga tortib, boshqalarga bo‘shliq ochib beradi. Biroq O‘zbekiston kabi raqibga qarshi o‘yinda Ronalduning ishtirok etishi terma jamoamiz uchun foyda keltirishi ham mumkin.
Hamidov fikriga ko‘ra, “oq bo‘rilar”ning pley-off imkoniyati birinchi turdagi natijaga kuchli darajada bog‘liq bo‘ladi. Kolumbiyaga qarshi muvaffaqiyatli o‘yin barcha hisob-kitoblarni o‘zgartiradi.
“Zamin”ni Telegramʻda oʻqing!Mehmon guruhidagi foydalanuvchilar ushbu nashrga izoh qoldira olmaydi.