20:54 / 01.02.2017
3 974

JCh-48 FIFA uchun plyus ekanligi aniq. Futbolgachi?

JCh-48 FIFA uchun plyus ekanligi aniq. Futbolgachi?

FIFA prezidenti Janni Infantino jahon chempionati ishtirokchilari sonini 48taga oshirish g‘oyasini ilgari surganida, ko‘pchilik bunga jiddiy qaragan emasdi.

Endi esa bu borada yakuniy qaror qabul qilindi va futbol dunyosida JCh-2026 xususida katta muhokamalar boshlandi. Jahon chempionati-48 rejasini qaerlardadir chapak chalgancha qabul qilishyapti, ayrim joylarda esa aksincha, barchasini bema’nilikka yo‘yishmoqda. «SE» nashri esa darrov kalkulyatorni olib, masalaning moliyaviy tomonlarini ko‘rib chiqishga urindi.

TAITI BILAN UChRAShGUNChA...

2012 yili OkFK, ya’ni Okeaniya konfederasiyasi bosh turniri - Millatlar kubogining navbatdagisi «sensasion» natija bilan tugadi. Aniqroq aytganda, uzoq 1973 yili yo‘lga qo‘yilgan musobaqa g‘olibligi Avstraliya yoki Yangi Zelandiya termalaridan biri emas, balki Taiti milliy jamoasiga nasib etdi. Tarixda birinchi marta! Shunday qilib, Okeaniya o‘zining uchinchi chempion jamoasi bilan tanishdi. Taiti termasi esa alohida mintaqaning bosh jamoasi sifatida Konfederasiyalar kubogi-2013 yo‘llanmasiga ega bo‘ldi. Oradan bir yilcha o‘tib, butun jahon futbol ahli ekzotik orollarning zaifgina jamoasi ishtirokidagi o‘yinlarni achinish hissi bilan kuzatdi. Boshqacha aytsak, ko‘pchilik Okeaniya vakilining Braziliyada to‘liq sharmanda bo‘lmasligini xohladi.

Biroq buning iloji yo‘q edi. Axir bechora taitiliklar turnirning guruh raundida Ispaniya, Urugvay va Nigeriya termalari orasiga tushishgandi. Xullas, ular 3 ta o‘yinda naq 24 ta gol qo‘yib yuborishdi va ortga ochkosiz qaytishdi. Umuman, Konfederasiyalar kubogidek turnirda bunday zaif jamoaning o‘ynashi unga qaysidir ma’noda dog‘ tushirdi, xolos. To‘g‘ri, muxlislar shu bahona globusni aylantirib, Taitining qayerda joylashganiga qiziqishgan va geografiya bobidagi bilimlarini andak oshirgandirlar. Biroq ushbu milliy jamoa natija masalasida turnir maqomiga putur etkazdi, baribir. 0:10 va 0:8 - bunday hisoblar zamonaviy futbolga sira yarashmaydi, to‘g‘rimi?

Jahon chempionati ishtirokchilari sonini 48 taga oshirish va Taiti termasi o‘rtasida qanday bog‘liqlik bor? Tushunarliki, FIFA rahbari Janni Infantino faollik bilan ilgari surgan islohotga qarshi chiqayotganlar aynan shunday holatlar tez-tez takrorlanishidan xavotirdalar. Axir hattoki, mundialning hozirgi formatida ham yaqqol «yo‘lovchi» jamoalar uchrab turibdi. Deylik, binoyidek ko‘ringan Rossiya termasi ham JCh-2014ga «adashib borgan»dek taassurot uyg‘otdi. Umuman, har 4 yilda butun sayyora qaysidir ishtirokchi (asosan Osiyo yoki Afrika vakili)ning futbolda aytarli hech qanday karomat ko‘rsatolmasligiga guvoh bo‘ladi.

Endi shu holatda final raundiga birdaniga yana 16 ta terma jamoani qo‘shib qo‘yishmoqda! Savol - turnir talabiga javob beruvchi shuncha jamoani qayerdan topishadi?! Ha, Infantinoning fikricha, bu borada zaxira etarli. Aytgancha, Evropa yoki Janubiy Amerikada emas, vaholanki, 1930 yili asos solingan mundialda faqat shu ikki konfederasiya vakillari g‘alaba qozonishgan. Xullas, yangi ochiladigan bo‘sh joylar asosan Osiyo va Afrika jamoalari hisobiga to‘ldiriladi. Yana Okeaniyaning bosh jamoasi mundial yo‘lida qit’alararo o‘tish o‘yinida ishtirok etishdek mashaqqatli jarayondan xalos bo‘ladi. Shunday ekan, Taiti kabi termalarni tabriklash mumkin. Qiziq, JCh-2026ning o‘zi qayerda o‘tkazilarkin? Aytishlaricha, Hindiston va Xitoyda qo‘shma ariza tayyorlash imkoniyatini muhokama qilishayotgan ekan.

MASALA NARXI

Islohotning minus tomonlari o‘z yo‘liga, har holda, FIFA ularni e’tiborga olmasa kerak. Biroq tashkilot rahbariyati Syurixdagi kengash vaqtidayoq yangi tizim hozirgidan ancha ko‘p foyda keltirishini yashirmadi. Bir qarashda, kengayish g‘oyasining asosiy sababi ham shu. Xo‘sh, «}16» formati aynan qanday moliyaviy o‘sishni ta’minlaydi? Buni teranroq tushuntirish uchun yana 1,5 yildan keyin Rossiyada boshlanadigan mundial va JCh-2026dan ko‘zlanayotgan daromad miqdorini o‘zaro solishtirish kerak. FIFA oshkor etgan ma’lumotlarga qaraganda, JCh-2018 tashkilot g‘aznasini 5,52 milliard dollarga boyitadi. Bu summa quyidagilardan tashkil topadi:

3,1 milliard - telehuquqlar sotuvi;

1,52 milliard - marketing ishlari ulushi;

450 million - chiptalar sotuvi;

310 million - lisenziyalar sotuvi;

140 million - sayyohlik loyihalari ulushi.

48 ta jamoali turnir sxemasi qanday ko‘rinish olishi hozircha to‘liq aniq emas. Lekin bir necha variant bor:

1) 32 ta jamoa juftliklarga bo‘linadi va dastlabki raund o‘tkaziladi. Ularning g‘oliblari qolgan 16 ta ishtirokchi (reyting bo‘yicha eng yaxshilar) qatoriga qo‘shilishadi va sovrin uchun 1|16 final bosqichidan chinakam kurash boshlanadi. Buning uchun 10 ta stadion kerak bo‘ladi.

2) Birinchi banddagi holatning takrorlanishi, faqat stadionlar soni 12 ta. Ya’ni mezbon shahar yoki stadionlar nisbatan ko‘payadi.

3) 48 ta jamoadan 16 ta guruh shakllantiriladi. Ya’ni bitta guruhda 3 ta jamoa o‘ynaydi.

Yakunda qaysi format tanlanishidan qat’iy nazar, daromad miqdori ancha oshadi. Ammo 16 ta guruh variantidan naf ko‘proq - FIFA buning ortidan o‘z ulushini 6,495 milliard dollarga etkazadi. Qanaqasiga? Barchasi oddiy va sodda:

3,65 milliard - telehuquqlar sotuvi;

1,89 milliard - marketing ulushi;

520 million - chiptalar sotuvi;

325 million - lisenziyalar sotuvi;

155 million - sayyohlik loyihalari ulushi.

Xullas, Rossiya mundiali ulushidan naq 975 million dollar ko‘p. Boshqacha aytganda, deyarli bir milliardga teng o‘sish. Boz ustiga, barcha yo‘nalishlarda. Aynan nimaning evaziga? O‘yinlar soni oshishi hisobiga-da! Axir hozirgidek 64 ta emas, 80 ta o‘yin o‘tkaziladi. Shunday bo‘lgach, FIFA o‘tkinchi uchrashuvlar soni ortishi ehtimoli katta ekanligiga beparvo qaraydi-da. Eng yomoni, kelishilgan o‘yinlar kurtak yozishi xavfi ham kuchayishi mumkin: guruhda 3 ta jamoa o‘ynasa, o‘z-o‘zidan har turda bittasi dam oladi va yakuniy pallada maydonga tushgan raqiblar o‘zlariga maqbul natija qayd etishni xohlab qolishlari hech gap emas.

Qolaversa, 2 ta turdan keyinoq hammasi hal bo‘lishi ehtimoli ham oshadi. Bordiyu, 16ta guruh formulasidan voz kechilsa-chi? Ya’ni Infantino aytgan variant ma’qul ko‘rilsa, nima bo‘ladi? Unda dastlabki raundda yengilgan 16ta jamoa shunchaki, turnir bilan xayrlashadi - tamom! Oylab tayyorgarlik ko‘rib, bitta o‘yin bilan cheklanish... Bir qit’adan boshqasiga yo‘l olgan minglab muxlislarni ayting... Ular atigi 90 daqiqalik tomosha uchun ovora bo‘lishadimi? Biroq FIFA uchun barchasi mayda-chuydayu, milliardli o‘sish haqiqat, chog‘i.

FIFA DAROMADI 20 YILDA 11 BAROBAR OShDI

Umuman, bu ishlardan ortiqcha hayratlanishning hojati yo‘q. Zero, jahon futboli anchadan buyon total tijorat yo‘lidan bormoqda. Mohiyatan olganda, bunda yomon tomoni ham yo‘q. Misol uchun, ko‘plab mamlakatlar sporti biznes masalasida ozgina olg‘a siljisa zarar qilmasdi. Ha, daromad bilan chiqayotgan ligalar ham bor. Ammo zararga ishlayotganlari-chi? Ayniqsa, futbol ligalari orasida. Xullas, bu borada FIFAni o‘rnak sifatida ko‘rsatish uchun asoslar etarli. Biroq gap futbol olamining asosiy turniri - jahon chempionati xususida ketyapti. Bu musobaqa avvallari eng elit forum sanalgan. 1998 yildan keyin, ya’ni ishtirokchilar soni 32 taga oshirilgach, jahon birinchiligi ko‘proq xalq-lar festivalidek ko‘rina boshladi. Har holda, ilk raundlardagi futbol sifati ancha pasaydi. Shuning barobarida daromad miqdori har 4 yilda oshaverdi. Shu tariqa 20 yil ichida umumiy summa naq 11 barobar ko‘paydi. O‘sish dinamikasiga e’tibor qarating:

Fransiya-98 mundiali - 365 million dollar;

Yaponiya |J.Koreya-2002 mundiali - 2,5 milliard dollar;

Germaniya-2006 mundiali - 3,2 milliard dollar;

JAR-2010 mundiali - 2,4 milliard dollar;

Braziliya-2014 mundiali - 4 milliard dollar.

Rossiya mundiali ortidan esa aytilganidek, 5,5 milliard dollar topish rejalashtirilmoqda. Tabiiyki, Qatar-2022ga ham katta daromad manbai sifatida qarashadi. Axir mezbonlik huquqini arab davlatiga berib, turnirni qish fasliga ko‘chirish zamirida qandaydir manfaat bo‘lishi kerak-ku. FIFA butun futbol taqvimini buzishga bejiz ko‘nmagandir?

R.S.: maqolada bildirilgan fikrlarga qo‘shilish ham, ularni inkor etish ham mumkin. Ehtimol, avvaliga futbol saviyasiga nisbatan putur etar. Ammo katta doiraga tushgan «kichik» jamoalar bora-bora tajriba oshirib, o‘zlarini ko‘rsatishlari ham mumkin. Bunga o‘sha maqtalgan Evropa futbolining asosiy turniri - Evro-2016 yaqqol misol. «Ko‘hna qit’a» chempionati ishtirokchilari soni 16 dan 24 taga oshirilgani natijasida Fransiyaga borgan bir qator jamoalarning shov-shuv ko‘tarishganini unutmaslik darkor.

Sh.ABDULLAEV tayyorladi

Manba: www.interfutbol.uz

arenda kvartira tashkent

Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi?
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosing
Yangiliklar » Sport » JCh-48 FIFA uchun plyus ekanligi aniq. Futbolgachi?