
Yevropa Chempionlar Ligasining hal qiluvchi — 6-tur qarshiligi oldidan «Manchester Siti» ustozi Xosep Gvardiola Madridning «Real» klubiga qarshi o‘tadigan o‘yin haqida o‘z fikrlarini bayon qildi. Kataloniyalik mutaxassis jamoa tarixi, o‘tmish yulduzlari va hozirgi avlodning mas’uliyati haqida alohida to‘xtalib o‘tdi.
Gvardiolaning ta’kidlashicha, so‘nggi o‘n yillikda «Siti» tarixida qolgan buyuk futbolchilar — Kevin De Bryuyne, Kayl Uoker, Ilkay Gundo‘g‘an, Jon Stounz kabi yetakchilar bu safar jamoa safida emas. Ammo bu holat unga hozirgi tarkibga nisbatan ishonchni kamaytirmaydi. Aksincha, ustoz yangi avlod o‘yinchilarining o‘sha yulduzlar kabi hissiyotni, jonkuyarlikni va mas’uliyatni o‘zida namoyon qilishga haqiqiy muhtoj ekanini aytib o‘tdi.
«Bizda yangi futbolchilar ko‘p. Ular ham o‘sha katta nomlar qilgan ishlarni takrorlashni, hatto ular darajasiga yetishni istashadi. Mana shunday o‘yinlar — sizning kimligingizni ko‘rsatadigan maydon. ‘Bernabeu’ esa o‘zingizni namoyon qilish uchun eng yaxshi sahna», — deya Gvardiolaning so‘zlarini jamoa matbuot xizmati X ijtimoiy tarmog‘ida keltirdi.
Katta bosim, katta intriga va katta imtihon — bu kecha aynan shu ruhda o‘tishi kutilmoqda. «Santyago Bernabeu»da to‘qnashadigan ikki grandning bahsi hamisha emotsiyaga boy, taktik janglarga to‘la va prognoz qilish mushkul bo‘lib kelgan.
Ma’lumot uchun, ushbu uchrashuv bugun, 10-dekabrdan 11-dekabrga o‘tar kechasi, Toshkent vaqti bilan soat 01:00 da Madriddagi mashhur «Santyago Bernabeu» stadionida start oladi.
“Zamin”ni Telegramʻda oʻqing!Mehmon guruhidagi foydalanuvchilar ushbu nashrga izoh qoldira olmaydi.