
Chempionlar ligasida “Inter” ustidan qiyin mehnat evaziga qayd etilgan 1:0 hisobidagi muhim g‘alabadan so‘ng “Liverpul” sardori Virjil van Deyk jamoa atrofida shov-shuvga aylangan Muhammad Saloh masalasiga to‘xtalib o‘tdi. Misrlik yulduzning so‘nggi haftalardagi holati klub atrofida jiddiy muhokamalarga sabab bo‘layotgani sir emas.
Ma’lumki, 33 yoshli Saloh APLda ketma-ket uch o‘yinni zaxirada boshladi, YECHLdagi “Inter”ga qarshi tarkib ro‘yxatiga ham kiritilmadi. U o‘yindan keyin klub va bosh murabbiy Arne Slotga nisbatan qattiq tanqidlar bildirib, o‘zini “avtobus ostiga tashlandi”, deya baho bergan edi.
“Men bu klub uchun yillar davomida juda ko‘p ish qildim, ammo hozirgi vaziyat umuman odilona emas. Afrika Kubogi arafasida xayrlashaman, keyin nima bo‘lishini umuman bilmayman”, — degan edi Saloh.
Van Deyk: “Vaziyat og‘ir, lekin jamoa bir butun”
Sardorga ko‘ra, Saloh bilan bog‘liq jarayonlar har qanday professional jamoani qiyin ahvolga solishi tabiiy. Shu bilan birga, jamoa ichida motivatsiya, diqqat va intizomda hech qanday yetishmovchilik sezilmayotganini ta’kidladi.
“Bu oson holat emas. Barchamiz noxush vaziyat o‘rtasida qoldik. Saloh bilan klub orasida bir qator muammolar yuzaga keldi, u bugun biz bilan emas — bu aniq. Lekin jamoaning ichki ruhi, birdamligi va o‘yinga tayyorgarligida hech qanaqa o‘zgarish bo‘lgani yo‘q”, — dedi van Deyk.
“Uzr so‘rash kerak yo kerak emas — bu mening ishim emas”
Jurnalistlar Van Deykdan Saloh rahbariyatdan yoki jamoadoshlaridan uzr so‘rashi shartmi, deb so‘rashdi. Lekin sardor bu savolga juda ehtiyotkor va hayotiy javob qaytardi.
“Bu masalada hukm chiqarish mening vazifam emas. Muhammad oxirgi kunlarda o‘z hissiyotlarini ochiq qildi — bu uning haqqi. Bu jarayon bilan klub shug‘ullanadi, ehtimol, men ham ishtirok etaman. Bizda diqqat-e’tibor avvalgidek, u esa har doimgidek mashg‘ulotlarda bor kuchini beryapti”, — dedi u.
Uning aytishicha, Saloh qisqa vaqt ichida Afrika Millatlar Kubogi uchun milliy jamoasi safiga ketadi. Van Deyk ular o‘rtasidagi do‘stlik yillar davomida kuchli ekanini, klubdagi ko‘tarilishlar va pastlashishlarni hamisha birga boshdan kechirishganini qo‘shimcha qildi.
“Eng muhimi — ichki muloqot va jamoaviy ruh”
Sardorning fikricha, bunday vaziyatlarda jamoani o‘ziga keltirib olish va tashqi shovqinni chetga surish — eng muhim vazifadir.
“Asosiysi — bir-birimiz bilan ochiq gaplashish. Biz tiklanishimiz, ‘Brayton’ga qarshi o‘yinga tayyorlanishimiz kerak. G‘alabalardan lazzat olish ham muhim — aks holda ularning qiymati qolmaydi. Bugun shu yerda tunni o‘tkazamiz, yaxshi uxlaymiz, to‘g‘ri ovqatlanamiz. Haddan tashqari xursand bo‘lib ham ketmaymiz, tushkunlikka tushishdan ham saqlanamiz”, — dedi van Deyk.
“Zamin”ni Telegramʻda oʻqing!Mehmon guruhidagi foydalanuvchilar ushbu nashrga izoh qoldira olmaydi.