
Turkiya Superligasining 16-turi doirasida “Samsunspor” o‘z maydonida “Istanbul Bashakshehir”ni qabul qildi. Uchrashuv mehmonlar foydasiga 2:0 hisobida yakunlanib, Nuri Shahin jamoasi muhim safar g‘alabasini qo‘lga kiritdi. Bellashuvdan so‘ng “Bashakshehir” bosh murabbiyi o‘yin tafsilotlari va jamoasining harakatlari haqida o‘z fikrlari bilan o‘rtoqlashdi.
Nuri Shahinning ta’kidlashicha, mazkur g‘alaba jamoa uchun alohida ahamiyat kasb etgan. U kuchli raqibga qarshi qo‘lga kiritilgan 3 ochkoni juda qimmatli deb baholadi. Murabbiyning aytishicha, o‘yin davomida jamoa rejalashtirilgan barcha vazifalarni ham to‘p bilan, ham to‘psiz holatlarda to‘liq bajara olgan.
— Biz uchun juda muhim uchrashuv edi. Boshidan oxirigacha maydonda ustunlikni saqladik va g‘alabaga to‘liq munosib o‘ynaganimizga ishonaman. Futbolchilarim barcha ko‘rsatmalarni aniq bajarishdi, natijada safardan 2:0 hisobida g‘alaba bilan qaytdik. Bu meni juda quvontirdi, — dedi Shahin.
Mutaxassis so‘zlarini davom ettirar ekan, jamoadagi barcha futbolchilar va klub atrofida mehnat qilayotgan xodimlarni alohida ta’kidladi. Uning fikricha, bu natija katta mehnat va jipslik samarasi hisoblanadi.
— Bu bahs biz uchun ma’lum ma’noda o‘tish bosqichi bo‘ldi. Shu sabab barcha futbolchilarimni tabriklayman. Klubda mehnat qilayotgan har bir insondan minnatdorman. Hamma o‘z ishini sidqidildan bajaryapti. Bugun ana shu mehnatning mevasini ko‘rdik. Uchrashuv umuman oson kechmadi, chunki “Samsunspor” tarkibida sifatli va kuchli o‘yinchilar bor. Shunga qaramay, yakkakurashlarda ham, pozitsion o‘yinda ham ustun bo‘ldik va kerakli natijani qo‘lga kiritdik, — dedi Nuri Shahin.
Ma’lumot o‘rnida aytish joizki, ushbu uchrashuvda O‘zbekiston milliy terma jamoasi futbolchilari Abbosbek Fayzullayev va Eldor Shomurodov “Istanbul Bashakshehir”ning asosiy tarkibida maydonga tushishdi. Eldor Shomurodov bellashuvning eng faol futbolchilaridan biri bo‘lib, bir gol va bir golli uzatma bilan jamoasining g‘alabasida hal qiluvchi rol o‘ynadi.
Ushbu g‘alaba “Istanbul Bashakshehir”ning turnir jadvalidagi o‘rnini mustahkamlab (20 ochko, 8-o‘rin), jamoaning mavsumdagi maqsadlariga ishonchni yanada oshirdi.
“Zamin”ni Telegramʻda oʻqing!Mehmon guruhidagi foydalanuvchilar ushbu nashrga izoh qoldira olmaydi.