
Ronald Arauxo hozir Quddusda. “Barselona” himoyachisi, ikki yil avval 80 million yevroga baholangan va Karles Puyolga qiyoslangan futbolchi bugun esa muxlislar bilan suratga tushishdan ham tiyilmoqda.
Jamoa sardori “Chelsi”ga qarshi o'yindagi omadsiz chetlatilishdan keyin muddatsiz ta'til so'radi. Transfermarkt ilk bor futbolchining yo'qligi sababini “depressiya” deb ko'rsatdi.
Bu holat faqat Arauxoning muammosi emas. U “Chelsi”ga qarshi bahsda chindan ham juda omadsiz o'ynadi: birinchi sariq kartochkani hakam bilan tortishgani uchun, ikkinchisini esa to'pni allaqachon uzatib yuborgan Mark Kukurelyaga qarshi o'ylamay qilingan tackli uchun oldi.
Uchrashuvdan keyin Xansi Flik ham buni tan oldi: “U bunday harakat qilmasligi kerak edi”. “Barselona” 10 kishi bo'lib qoldi va 0:3 hisobida yutqazdi.
Tabiiyki, mag'lubiyat uchun eng qulay “aybdor” ham topildi. Ammo savol shunda: qachondan beri biz futbolchilarni hissiz mashina deb qabul qila boshladik?
ESPN ma'lumotiga ko'ra, Arauxo tiklanish uchun vaqt so'ragan va jismonan tayyor bo'lsa-da, ruhan talab etiladigan darajada raqobatlasha olmasligini bildirgan. Klub bunga ruxsat berdi.
Joan Laporta sardorni omma oldida himoya qildi, Pedri uni “aka-uka” deb atadi. Hatto “Real Madrid” vakili Xabi Alonso ham fikr bildirdi: “Ular odam, mashina emas.
Ulardan haddan tashqari ko'p narsa talab qilinadi”. Raqib klubdagi yirik figuradan shunday qo'llab-quvvatlov kelishi masalaning qanchalik jiddiyligini ko'rsatadi.
Arauxo uchun bunday ruhiy zarbalar birinchi marta emas. 2024 yil yanvarida Ispaniya Superkubogida “Real Madrid”ga qarshi o'yinda muvaffaqiyatsiz harakatlar fonida Vinisius xet-trik qayd etgan, Arauxoning o'zi esa qizil kartochka olgan.
Oradan ikki hafta o'tib “Vilyarreal” bilan uchrashuvdagi og'ir o'yindan so'ng Xavi ketishini e'lon qilgandi. Keyin “PSJ”ga qarshi chorak finalda Bredli Barkolya bilan epizoddagi taqdiriy fol.
Ortidan tizzadagi jarohat, operatsiya va mavsumning katta qismi. Shartnoma bo'yicha og'ir muzokaralar, klubning uni sotish ehtimoli haqidagi gap-so'zlar.
Keyin Chempionlar ligasida “Inter”ga qarshi bahs: 93-daqiqada aynan Arauxo Franchesko Acherbi bilan kurashda yutqazgan epizod ham ko'pchilik yodida. Catalunya Radio xabariga ko'ra, Arauxo bir necha bor xavotir xuruji (tashvish xurujlari)ni boshdan kechirgan va hissiy jihatdan bo'shab qolgan.
Insayder Xuanma Kastanyo esa vaziyat “ko'ringandan ham jiddiyroq” ekanini aytib, hatto u “Barselona” safida boshqa o'ynamasligi ham mumkinligini tilga oldi. Marca ma'lumotiga ko'ra, kataloniyaliklar qishda, agar sardor tiklanmasa, himoya chizig'ini kuchaytirish uchun yangi futbolchi olish variantini ham ko'rib chiqmoqda.
Achchiq haqiqat shuki, bu bosimni ma'lum ma'noda o'zimiz yaratdik. Ijtimoiy tarmoqlar tanqidni haqoratga, tahlilni esa ommaviy “sud”ga aylantirdi.
Jerar Pike buni ochiq aytdi: internetni hamma xohlagancha haqorat qiladigan “axlatxona”ga aylantirishni to'xtatish vaqti keldi. U buni boshidan o'tkazgan: Kataloniya mustaqilligi atrofidagi siyosiy bahslar davrida Pike katta nafrat to'lqiniga duch kelgan va e'tibor bermaslikni o'rgangan.
“Bir payt kelib bu nosog'lom holatga aylanadi”, degan u. Ammo bunday “zirh”ni hamma ham qura olmaydi.
Va hamma ham bunga majbur emas. Futbol jamoatchiligi reaksiyasi ham diqqatga sazovor.
Urugvay futbol uyushmasi prezidenti Diego Forlan vaziyatga tushuncha bilan qarash kerakligini aytdi. Urugvay terma jamoasi esa ijtimoiy tarmoqlarda Arauxo suratini “Biz sen bilanmiz, Ronald” degan yozuv bilan joyladi.
Insayder Fabritsio Romano xabariga ko'ra, “Barselona” futbolchiga bosim o'tkazmayapti va hozircha uning o'rnini bosadigan o'yinchi izlashni ham rejalashtirmagan. Bu muhim nuqta: klub Arauxoni chetga surib, hammasini “iroda yetishmasligi”ga yo'yishi, “ishonchliroq” himoyachi qidirishi ham mumkin edi.
Biroq tanlangan yo'l boshqacha: muddatsiz ta'til va jamoatchilik oldida qo'llab-quvvatlash. Laporta shunday dedi: “Biz birga yutamiz, birga yutqazamiz.
Bunda hech kim yolg'iz javobgar emas”. Hozir Arauxo Isroilda, xristianlar muqaddas qadamjolarini ziyorat qilayotgani aytilmoqda — u ma'naviy tayanch izlayapti.
Kimlargadir bu g'alati ko'rinar, ammo har kim qiyinchilikdan o'z yo'li bilan o'tadi. Tel-Aviv aeroportida u matbuot bilan muloqotdan bosh tortdi: hozir uning holati bunga mos emas.
Endi esa hammamiz o'zimizga berishimiz kerak bo'lgan savol bor: nima muhimroq? Arauxo bir haftada maydonga qaytib, boshi joyida bo'lmagani uchun yana hal qiluvchi o'yinda xato qilishi mi?
Yoki u haqiqatan tiklanib, buning uchun oylar kerak bo'lsa ham, o'zini qayta topishi mi? Futbol tobora shafqatsiz konveyerga aylanib bormoqda: futbolchilar oldingidan ham tezroq “yonmoqda”.
Jismoniy jarohatlar ko'pincha tez davolanadi, ruhiy jarohatlar esa oxirigacha e'tiborsiz qoladi. Keyin esa nega iqtidorli yigitlar 26 yoshida faoliyatini yakunlash haqida o'ylayotgani bizni hayratga soladi.
Arauxo hikoyasi turlicha yakun topishi mumkin: u qaytib kelib, “Bavariya” 80 million yevro berishga tayyor bo'lgan o'sha mustahkam stopperga yana aylanishi ehtimol. Balki “Barselona”ni tark etib, boshqa klubda o'zini topadi.
Balki, chindan ham, faoliyatini tugatishni tanlar. Ammo bitta narsa aniq: agar futbolchilarga sarflanadigan material sifatida munosabatni davom ettirsak, bunday hikoyalar ko'payadi.
Va buning uchun oxir-oqibat o'zimizni ayblashga to'g'ri keladi. Arauxo qachon qaytishini hech kim bilmaydi.
Va bu normal holat. Chunki ba'zi narsalar natijadan ham muhimroq.
Arman Tigranyants “Zamin”ni Telegramʻda oʻqing!
Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi?
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosing Mavzuga oid yangiliklar
Ma’lumot
Mehmon guruhidagi foydalanuvchilar ushbu nashrga izoh qoldira olmaydi.
Mehmon guruhidagi foydalanuvchilar ushbu nashrga izoh qoldira olmaydi.