
Jahon futbolida raqobat darajasi eng yuqori bo‘lgan chempionat — Angliya Premer-ligasi nafaqat sovrinlar uchun kurash maydoni, balki futbolchilar uchun katta sahnaga chiqish imkoniyati hamdir. Bu ligada o‘zini ko‘rsatgan har qanday o‘yinchi qisqa vaqt ichida Yevropa grandlari diqqat markaziga tushishi hech kimni hayratga solmaydi.
Futbol tahlilchilari ayni paytda Premer-ligada barqaror o‘yin ko‘rsatayotgan va “katta oltilik” deb ataluvchi “Manchester Yunayted”, “Manchester Siti”, “Liverpul”, “Arsenal”, “Chelsi” hamda “Tottenxem” kabi klublar tarkibiga deyarli tayyor bo‘lgan to‘rt nafar himoyachini alohida ajratib ko‘rsatishmoqda. Ularni birlashtirib turadigan jihat — ishonchli o‘yin, jismoniy barqarorlik va taktik savodxonlik.
“Kristal Pelas” safida to‘p surayotgan 25 yoshli Mark Gexi jamoaning asosiy ustunlaridan biriga aylangan. Bosh murabbiy Oliver Glasner qo‘l ostida u himoya markazida yetakchi sifatida shakllandi. Gexi yakkakurashlarda ishonchli, raqib harakatini oldindan his qila oladi va pozitsiya tanlashda deyarli xato qilmaydi. Shuningdek, uning aniq va vaziyatni tez ochadigan paslari himoyadan hujumni bosqichma-bosqich qurishda katta ahamiyat kasb etadi.
“Brayton”ning 25 yoshli himoyachisi Yan Paul Van Xekke esa jangovorlik va qat’iyat bilan ajralib turadi. U havodagi duellarda ustun, jismoniy kurashdan qochmaydi va maydonni keng ko‘ra olishi bilan mutaxassislarning e’tiborini tortgan. Bu sifatlar uni himoyadan hujumga tez o‘tadigan zamonaviy futbol talablariga javob beradigan o‘yinchiga aylantirmoqda.
“Nyukasl” safida o‘ynayotgan Tino Livramento 23 yoshiga qaramay, allaqachon yuqori darajada tajriba to‘plashga ulgurgan. O‘ng qanot himoyachisi sifatida uning texnikasi, tezligi va chidamliligi yuqori baholanmoqda. Eng muhimi, u maydonning ikki qanotida ham samarali harakat qila oladi. Bu esa hujumkor qanot himoyachilarga katta ahamiyat beradigan “Manchester Siti” kabi klublar uchun juda jozibali omil hisoblanadi.
Ro‘yxatdagi eng tajribali futbolchi — “Kristal Pelas”ning 29 yoshli himoyachisi Daniel Munos. U jonkuyarligi, yuqori ish hajmi va xalqaro maydonda orttirgan tajribasi bilan ajralib turadi. Universal himoyachi sifatida Munos turli taktik sxemalarga oson moslasha oladi. Shu sababli, ayni paytda qanot himoyachilariga alohida e’tibor qaratayotgan “Manchester Yunayted” uchun u juda qulay variant sifatida ko‘rilmoqda.
Qisqasi, Angliya Premer-ligasi yana bir bor o‘zining eng yaxshi “vitrina” ekanini isbotlamoqda. Bu to‘rt himoyachi esa yaqin orada grand klublar safida namoyon bo‘lishi mumkin bo‘lgan nomlar qatorida allaqachon muhokama markaziga chiqib ulgurdi. Muxlislar uchun esa transfer bozori yana qiziq intrigalarga boy bo‘lishi aniq.
“Zamin”ni Telegramʻda oʻqing!Mehmon guruhidagi foydalanuvchilar ushbu nashrga izoh qoldira olmaydi.