
FIFAning rasmiy saytida 2025-yilning eng yaxshi murabbiyi nominatsiyasi bo‘yicha futbolchilarning shaxsiy ovozlari ochiqlandi. Ushbu ro‘yxatda O‘zbekiston milliy jamoasi sardori va «Istanbul Bashakshehir» hujumchisi Eldor Shomurodovning tanlovi ham e’lon qilindi.
O‘zbek futbolining yetakchi vakili o‘zining top-3 ro‘yxatini shakllantirishda joriy mavsumda eng barqaror va samarali natijalar qayd etgan mutaxassislarga ustuvorlik bergan. Shomurodov birinchi o‘ringa «PSJ» bosh murabbiyi Luis Enrikeni munosib deb topdi.
Ikkinchi pog‘onaga «Barselona»ni yangi bosqichga olib chiqgan Hans-Diter Flik joylashtirilgan bo‘lsa, uchinchi o‘ringa «Chelsi» bilan qisqa vaqt ichida jiddiy o‘yin uslubini shakllantira olgan Enso Mareska qo‘yildi.
Eldor Shomurodovning ushbu tanlovi mutaxassislar va muxlislar orasida ham katta qiziqish uyg‘otdi. Chunki u ovoz berishda nafaqat nomga, balki amaliy natijalarga e’tibor qaratganini ko‘rsatdi.
Eslatib o‘tish joiz, Luis Enrike 2024/25 yilgi mavsumda «PSJ» bilan haqiqiy trofeylar marafonini amalga oshirdi. Parijliklar uning qo‘l ostida Yevropa Chempionlar ligasida zafar quchdi, Fransiya chempionati, mamlakat kubogi va Superkubokni qo‘lga kiritdi. Shuningdek, klublar o‘rtasidagi jahon chempionati finaliga chiqdi va UYEFA Superkubogida ham g‘alabani bayram qildi.
Shomurodovning FIFA ovozida aynan Luis Enrikeni birinchi o‘ringa qo‘yishi — bu murabbiyning xalqaro maydondagi mehnati va natijalariga berilgan yana bir yuksak bahodir. Bu holat o‘zbek futbolchisi ham jahon futbolidagi jarayonlarni diqqat bilan kuzatib borayotganini yaqqol namoyon etadi.
“Zamin”ni Telegramʻda oʻqing!Mehmon guruhidagi foydalanuvchilar ushbu nashrga izoh qoldira olmaydi.