
Usmon Dembele The Best talqiniga ko'ra yilning eng yaxshisi deb topildi. U “Oltin to'p”ni ham qo'lga kiritganidan keyin bu e'tirofning o'zi ajablanarli emas: 35 gol, 16 assist, “PSJ” bilan trebl va ustiga-ustak Chempionlar ligasi.
Savol Dembele munosib emasligida emas, u bunga loyiq. Savol boshqa: nega FIFA o'z mukofotini o'zi qadrsizlantirmoqda?
O'tgan yili tashkilot to'g'ri yo'l tutgandi. Rodri “Oltin to'p”ni oldi, The Best esa Vinisiusga nasib etdi.
Ikki munosib futbolchi, ikki xil tanlov va natijada barlaru guruhlarda bir oy davom etgan bahslar. Madrid France Football marosimini namoyishkorona tarzda e'tiborsiz qoldirdi, Rodri esa xochsimon bog'lam jarohatidan keyin hassada sovrinni olishga chiqqandi.
Bu sof futbol teatri edi: e'tibor ham bo'ldi, har ikki mukofotning ham qiymati oshdi. 2025 yilda esa tanlov uchun nomzodlar yetarli edi: Vitinya aql bovar qilmas ko'rsatkichlari bilan, Rafinya kuchli mavsumdan so'ng, “Liverpul” safida yana gollarini davom ettirgan Saloh, yosh Yamal.
Manevr qilish imkoniyati juda katta. FIFA Dembeledan boshqa istalgan futbolchini tanlaganida ham, muhokamalar portlashi aniq edi.
Biroq tashkilot France Football ortidan sodiq yurdi va amalda o'z marosimini “Oltin to'p”ning bir oy kechikkan ilovasiga aylantirib qo'ydi. Unda nega alohida mukofot sifatida mavjud bo'lishi kerak?
Ovoz berish bayonnomalari esa tushunmovchilikni yanada kuchaytirdi. Aleksandr Golovin birinchi o'ringa Mbappeni qo'ydi, Valeriy Karpin esa eng yuqori bahoni Vitinyaga berdi — har ikkisi yakuniy qarordan ko'ra mantiqiyroq ko'rinadi.
Jurnalist Oleg Koshelev uchlikka Salohni kiritdi, bu misrlik futbolchining ramziy terma jamoaga kiritilmagani fonida yanada adolatliroq tuyuldi. Ramziy terma jamoa ham savollar qoldirdi: Palmer bor, Rafinya yo'q.
Moyses Kaysedo Bellingem bilan bir xil ochko yig'di, ammo ro'yxatda ingliz bor-u, ekvadorlik chetda qoldi. Reglamentga ko'ra, ochko teng bo'lsa, ekspertlar ovozi ustun hisoblanadi, Kaysedoda u ko'proq — baribir tarkibdan joy olmadi.
FIFA esa buni izohlashga ham urinmadi. Marosimning eng nozik jihati ham ko'zdan qochmadi.
“PSJ”da Dembele bilan bir jamoada o'ynaydigan Ashraf Hakimi birinchi o'ringa “Real”dagi yaqin do'sti Mbappeni qo'ydi. Dembele marokashlik futbolchi ro'yxatida faqat ikkinchi bo'ldi.
Parij muxlislari keskin munosabat bildirdi: “xoin”, “do'stlikni jamoadoshidan ustun qo'ydi”, “endi uni Madridga qaytaring”. RMC Sport Dembeledan taqdirlashdan keyingi so'zlarini keltiradi: “Og'ir mehnat o'z samarasini beradi.
Janni Infantinoga rahmat, tug'ilgan kunimda yuborgan xabaringizni oldim”. Biroq bu gaplar boshqalarning qanday ovoz bergani haqidagi shovqin ichida yo'qolib ketdi.
Messi uchlikni to'liq topdi: Dembele, Mbappe, Yamal. Krishtianu Ronaldu o'rniga ovoz bergan Bernardu Silva esa top-3 ga “PSJ”ning uch futbolchisini kiritdi: Vitinya, Nunu Mendesh va Dembele.
Murabbiylar nominatsiyasida Luis Enrike g'olib bo'ldi: u Chempionlar ligasi finalida “Inter”ni 5:0 hisobida tor-mor etganidan so'ng sovrinni oldi. Uning jamoasi chempionat, ikki kubok, Chempionlar ligasi va UEFA Superkubogini yutdi.
Biroq bu yerda ham hammasi oldindan ma'lum, mantiqan to'g'ri va shu bilan birga zerikarli ko'rindi. FIFA futbol bayramini ham, bahs-munozarani ham uyushtirishi mumkin edi.
Buning o'rniga marosim rasmiylashtirilgan, notarial tasdiqdek sovuq sovrin topshirish aktiga aylandi. Dembele orzu qilingan mavsumni o'tkazgani — fakt.
Ammo jamoaviy sportdagi individual mukofotlar bahsga material berish uchun ham mavjud. FIFA bundan o'zi voz kechdi.
Endi The Best ikkinchi darajali sovrindek ko'rinmoqda: u faqat France Football hukmini bir oydan keyin tasdiqlab beradi, xolos. Buning ma'nosi nimada?
Do'hadagi marosim bir narsa bilan esda qoladi: FIFA intriga yaratish imkoniyatini boy berdi va o'ziga o'zi zarar yetkazdi. Dembele esa endi nega o'z klubining himoyachisi uni eng yaxshisi deb bilmaganini izohlashiga to'g'ri keladi.
Arman Tigranyants “Zamin”ni Telegramʻda oʻqing!
Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi?
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosing Mavzuga oid yangiliklar
Ma’lumot
Mehmon guruhidagi foydalanuvchilar ushbu nashrga izoh qoldira olmaydi.
Mehmon guruhidagi foydalanuvchilar ushbu nashrga izoh qoldira olmaydi.