
«Manchester Siti» bosh murabbiyi Xosep Gvardiola jamoani mavsum yakunida tark etishi mumkinligi haqida tarqalayotgan gap-so‘zlarga munosabat bildirdi. Avvalroq OAVda ispaniyalik mutaxassis o‘rniga Enso Mareska asosiy nomzod sifatida ko‘rilayotgani haqida xabarlar paydo bo‘lgan edi.
Gvardiolaning aytishicha, bu kabi savollar unga oxirgi uch-to‘rt yil davomida doimiy ravishda berib kelinadi. U buni tabiiy hol deb hisoblaydi va hozircha bundan hech qanday muammo ko‘rmayotganini ta’kidladi. «Ehtimol, 75 yoki 76 yoshimda “Siti”ni tark etarman. Bu normal. Lekin ayni paytda shartnomamga hali 18 oy bor», — dedi murabbiy.
Ispaniyalik mutaxassisning ta’kidlashicha, klub har qanday ssenariyga tayyor bo‘lishi shart, chunki futbol juda tez o‘zgaradi. Biroq hozirda uning ketishi yoki kelajak rejalari rasman muhokama qilinmayapti. «Menda o‘n yillik shartnoma bo‘ladimi yoki yarim yillik — farqi yo‘q. Futbolda barchasi juda tez o‘zgaradi», — dedi u.
Gvardiola hozir barcha e’tiborini yaqindagi o‘yinga qaratganini ham qo‘shimcha qildi. «Hozir butun diqqatim “Vest Xem”ga qarshi bahsda. Keyin esa bir necha kun otam bilan golf o‘ynab, dam olishni rejalashtirganman», — deya kulimsiradi murabbiy.
Ma’lumot uchun, 54 yoshli Xosep Gvardiola «Manchester Siti»ni 2016 yildan beri boshqarib kelmoqda. Uning klub bilan amaldagi shartnomasi 2026/2027 yilgi mavsum yakuniga qadar amal qiladi. Hozircha esa «shaharliklar» uchun asosiy masala — navbatdagi o‘yin va joriy mavsum natijalari.
Mehmon guruhidagi foydalanuvchilar ushbu nashrga izoh qoldira olmaydi.