
«Neradzurri» muxlislari uchun 2025 yil yoqimli xotiralarsiz yakunlandi. Milanning Inter jamoasi yil davomida ishtirok etgan barcha yirik musobaqalarda kutilgan natijaga erisha olmadi va hech bir sovrinni qo‘lga kirita olmadi.
19 dekabr kuni Italiya Superkubogining yarim finalida "Bolonya"ga qarshi o‘tgan bellashuv bu mavsumdagi omadsizliklarning navbatdagi isboti bo‘ldi. Asosiy vaqt 1:1 hisobida yakunlanganiga qaramay, penaltilar seriyasida milanliklar 2:3 hisobida mag‘lub bo‘lib, finalga chiqa olmadi. Bu esa 2025 yilda navbatdagi imkoniyat qo‘ldan ketganini anglatdi.
Yoz oylarida «Inter» klublar o‘rtasidagi jahon chempionatida ishtirok etdi. Ammo bu turnir ham jamoa uchun muvaffaqiyatli bo‘lmadi: 1/8 finaldayoq musobaqa bilan xayrlashishga to‘g‘ri keldi. Bu natija jamoa oldiga qo‘yilgan katta maqsadlar bilan umuman mos kelmasdi.
Yozga qadar bo‘lgan davrda esa «Inter» hali Simone Inzagi qo‘l ostida harakat qilar ekan, bir qator hal qiluvchi bosqichlarda mag‘lubiyat achchiq ta’mini totdi. Chempionlar Ligasi finali, mamlakat Superkubogi finali va Italiya kubogi yarim finali — barchasida jamoa orzusiga yeta olmadi. A Seriyada esa milanliklar mavsumni ikkinchi o‘rinda yakunlab, chempionlikdan bir qadam uzoqda qolishdi.
Natijada, nomlar o‘zgargani, murabbiylar almashganiga qaramay, «Inter» uchun 2025 yil sovrinsiz va o‘ylantiruvchi xulosalar bilan yakunlandi. Endi klub rahbariyati va muxlislar oldida yagona savol turibdi: kelgusi mavsumda bu omadsizliklar zanjiri uziladimi yoki yo‘q?
Mehmon guruhidagi foydalanuvchilar ushbu nashrga izoh qoldira olmaydi.