
Turkiya Superligasida o‘zbek futbolchisi navbatdagi yorqin natijasi bilan ajralib turibdi. "Istanbul Bashakshehir" safida to‘p surayotgan Eldor Shomurodov chempionatda gol+assist ko‘rsatkichi bo‘yicha yaqqol peshqadamga aylandi.
17-tur doirasida «Gaziantep»ga qarshi o‘tkazilgan uchrashuv (5:1)da Shomurodov jamoasi g‘alabasiga katta hissa qo‘shdi. Hujumchi mazkur bahsda bitta gol urib, yana bir to‘pni sherigiga aniq uzatma orqali tayyorlab berdi. Shu o‘yindan keyin uning joriy mavsumdagi hisobida 12 ta gol va 3 ta assist qayd etildi.
Bu ko‘rsatkichlar bilan Eldor raqobatchilarini ortda qoldirdi. Ikkinchi o‘rinda 8 ta gol va 5 ta assist muallifi bo‘lgan Marko Asensio joy olgan. Kuchli uchlikni esa 11 ta gol va 1 ta golli uzatmaga ega Pol Onuachu yakunlab bermoqda.
Mutaxassislar fikricha, Shomurodovning barqaror o‘yini va hal qiluvchi daqiqalarda to‘g‘ri qaror qabul qilishi uni Superliganing eng xavfli hujumchilaridan biriga aylantirdi. U nafaqat gol urish, balki jamoadoshlarini o‘yinga qo‘shish borasida ham yuqori samara ko‘rsatmoqda.
Ma’lumot o‘rnida, «Istanbul Bashakshehir» ayni paytda 23 ochko jamg‘arib, turnir jadvalida 7-o‘rinni egallab turibdi. Muxlislar esa jamoa va uning o‘zbek hujumchisidan mavsumning ikkinchi qismida ham shunday yuqori sur’at kutib qolmoqda.
“Zamin”ni Telegramʻda oʻqing!Mehmon guruhidagi foydalanuvchilar ushbu nashrga izoh qoldira olmaydi.