
Burundi futbol jamoatchiligini larzaga solgan og‘ir va qayg‘uli voqea sodir bo‘ldi. Mamlakat futbol federatsiyasi "Le Gepard dyu Lak" jamoasi yarimhimoyachisi Igiraneza Eme Gerik vafot etganini rasman tasdiqladi.
Ma’lum qilinishicha, fojia mamlakatning ikkinchi divizionida "Amaspiri Never Giv Ap" jamoasiga qarshi uchrashuv vaqtida yuz bergan. Bellashuv davomida futbolchi to‘satdan maydonga qulagan. Shifokorlar zudlik bilan birinchi yordam ko‘rsatishga uringan, ammo barcha harakatlarga qaramay, Gerik shifoxonaga olib ketilayotgan paytda hayotdan ko‘z yumgan. Federatsiya hozircha o‘limning aniq sabablarini ochiqlamagan.
Biroq mahalliy va xalqaro ommaviy axborot vositalarida turli taxminlar paydo bo‘ldi. Sports News Africa nashrining xabar berishicha, futbolchi og‘zida tanga olib yurgan va tasodifan uni yutib yuborgan. Bu esa nafas yo‘llarida jiddiy asoratlarga olib kelgan bo‘lishi mumkin.
Shu bilan birga, African Public Radio boshqacha ma’lumotni ilgari surdi. Ularning yozishicha, Gerik og‘zida oddiy tanga emas, balki Afrikada keng tarqalgan sehr-jodu va irim-sirim marosimlarida ishlatiladigan gri-gri tumorini olib yurgan. Ayni shu tumor tasodifan yutib yuborilgani fojiali oqibatga sabab bo‘lgani taxmin qilinmoqda.
Ushbu voqea Burundi futbolida va umuman Afrika sport muhitida katta muhokamalarga sabab bo‘ldi. Ayrim hududlarda sportchilarning irim-sirimlarga ishonishi, turli tumor va belgilarni o‘zlari bilan olib yurishi hali ham uchrab turadi. Mutahassislar esa bunday holatlar xavfli ekanini, ayniqsa professional sportda sog‘liq va xavfsizlik birinchi o‘rinda bo‘lishi kerakligini ta’kidlamoqda.
Marhum Igiraneza Eme Gerik futbol muxlislari yodida maydonda jonkuyarlik bilan harakat qilgan, jamoasi uchun bor kuchini bergan futbolchi sifatida qoladi. Bu fojea esa sport olamiga yana bir bor hayotning naqadar nozik ekanini eslatdi.
“Zamin”ni Telegramʻda oʻqing!Mehmon guruhidagi foydalanuvchilar ushbu nashrga izoh qoldira olmaydi.