“Uzbekistan Global Tour” finali: eng kuchli chavandozlar aniqlandi

Poytaxtdagi “Universal Horses Stable” majmuasida konkur bo‘yicha nufuzli “Uzbekistan Global Tour” musobaqasining hal qiluvchi — final bosqichi bo‘lib o‘tdi. Musobaqa davomida yurtimizning eng mahoratli chavandozlari to‘siqlardan yuksak mahorat va ishonch bilan oshib, muxlislarga haqiqiy sport bayramini taqdim etishdi.
Bellashuvlar turli toifalarda o‘tkazilib, har bir yo‘nalishda raqobat juda keskin kechdi. Har bir chiqish nafaqat sportchilarning tayyorgarligi, balki otlar bilan o‘zaro uyg‘unlik, texnika va ruhiy barqarorlikni ham namoyon etdi.
140 santimetrli to‘siqlar o‘rnatilgan “A” toifasida Dilshod Shokirov “Alonso 43” laqabli oti bilan barchadan ustun kelib, g‘alabani qo‘lga kiritdi. Uning chiqishi musobaqaning eng yorqin lahzalaridan biriga aylandi.
125 santimetrli “D” toifasida Bahromjon Gaziyev “Lady” bilan aniq va ishonchli harakat qilib, birinchi o‘rinni egalladi. 120 santimetrli “B” toifasida esa Firdavsbek Davronbekov “Vailant II” oti bilan muvaffaqiyat qozondi.
110 santimetrli “C” toifasida Saidli Shukurov “Leffe” oti bilan g‘alaba nishonladi. 105 santimetrli “E” toifasida Angelina Pastuxova “Irving” bilan eng yaxshi natijani qayd etdi. 90 santimetrli “F” toifasida esa Robiya Kazimova “Bagi” oti bilan musobaqani peshqadam sifatida yakunladi.
Milliy Olimpiya qo‘mitasi ma’lumotlariga ko‘ra, ushbu final bosqichi o‘zbek konkur sportining rivojlanayotganini, yangi iste’dodlar yetishib chiqayotganini yana bir bor isbotladi. Musobaqa ishtirokchilari va g‘oliblari kelgusida ham xalqaro maydonlarda munosib natijalar ko‘rsatishi kutilmoqda.
“Zamin”ni Telegramʻda oʻqing!