
Professional boks olamida katta qiziqish uyg‘otayotgan xabar tarqaldi. Og‘ir va o‘ta prinsipial to‘qnashuvlar bilan tanilgan sobiq mutlaq jahon chempioni Artur Beterbiyev hamda 79,4 kilogramm vazn toifasida WBC kamari sohibi Devid Benavides o‘zaro jang o‘tkazishga og‘zaki rozilik bildirishdi. Bu haqda “Source of Boxing” nashri ma’lum qildi.
Beterbiyev ushbu ehtimoliy to‘qnashuv haqida ochiq va qisqa fikr bildirdi:
“Men Benavides bilan jang qilmoqchiman”, — dedi tajribali rossiyalik bokschi.
Ushbu chaqiriq javobsiz qolmadi. Benavides ijtimoiy tarmoqlardagi izohlar orqali raqibiga murojaat qilib, jangga tayyor ekanini bildirdi:
“Men ham sen bilan ringga chiqishga roziman, do‘stim”.
Ikki chempion, ikki yo‘l — bir ring
Ma’lumot o‘rnida aytish joizki, Artur Beterbiyev professional ringdagi faoliyatini 2013-yilda boshlagan. U yillar davomida barqaror g‘alabalari bilan e’tibor qozonib, 2024-yilda mutlaq jahon chempioni maqomiga erishgan edi. Ammo joriy yil fevral oyida u karerasida ilk bor mag‘lubiyat alamini tatib ko‘rdi — Dmitriy Bivolga qarshi jangda ochkolar hisobiga yutqazdi.
Devid Benavides ham professional boksda kam tajribaga ega emas. U 2013-yilda prof ringda debyut qilgan va ikkinchi o‘rta vazn toifasida (76,2 kg) ikki marta jahon chempioni bo‘lishga muvaffaq bo‘lgan. Hozirda esa u 79,4 kg vaznda WBC kamarini mustahkam ushlab turibdi.
Muxlislar kutayotgan katta to‘qnashuv
Beterbiyevning kuchli zarbalari va bosimli uslubi, Benavidesning tezkorligi hamda hujumkor taktikasi ehtimoliy jangni yanada qiziqarli qiladi. Agar tomonlar rasmiy kelishuvga erishsa, bu bellashuv jahon boksida yilning eng katta voqealaridan biriga aylanishi mumkin.
Hozircha aniq sana va joy ma’lum emas, ammo bir narsa aniq — bu jangni butun boks muxlislari katta intiqlik bilan kutmoqda.
“Zamin”ni Telegramʻda oʻqing!Mehmon guruhidagi foydalanuvchilar ushbu nashrga izoh qoldira olmaydi.