
2031 yilgi Osiyo Kubogini qabul qilish masalasi atrofidagi intriga tobora kuchaymoqda. Birlashgan Arab Amirliklari turnir mezbonligidan rasman voz kechgach, musobaqani o‘z hududida o‘tkazish istagini bildirgan davlatlar soni yanada ko‘paydi. Ayni paytda Indoneziya, Avstraliya va Janubiy Koreya yakka holda da’vogar sifatida maydonga chiqqan. Shu bilan birga, Markaziy Osiyo davlatlari — O‘zbekiston, Qirg‘iziston va Tojikiston turnirni qo‘shma tarzda qabul qilish bo‘yicha OFKga rasmiy ariza topshirdi.
Mazkur nomzodlarning imkoniyatlarini taniqli futbol tahlilchisi Alisher Nikimbayev baholab chiqdi. Uning fikricha, hozircha Markaziy Osiyo mintaqasi asosiy favorit sifatida ko‘rilmaydi. Ekspert aytishicha, OFK tomonidan qo‘yiladigan ayrim infratuzilmaviy va tashkiliy talablar O‘zbekiston, Qirg‘iziston hamda Tojikiston tomonidan to‘liq bajarilmagan.
Nikimbayevning ta’kidlashicha, bu omillar sababli eng kuchli nomzod sifatida Janubiy Koreya ko‘zga tashlanadi. Biroq u yerda ham muammolar yo‘q emas. Mamlakatdagi ko‘plab stadionlar 2002 yilgi Jahon chempionati uchun barpo etilgan bo‘lib, oradan yillar o‘tishi bilan OFK standartlari yangilangan. Bugungi kunda ushbu arenalarning aksariyati zamonaviy talablarga javob bermaydi va ularni rekonstruksiya qilish katta sarmoya talab qiladi.
Ikkinchi ehtimoliy variant sifatida ekspert Quvaytni ham tilga oldi. Ammo u yerdagi stadionlar holati ham ideal emas. Shu bilan birga, mezbonlik masalasida faqat sport infratuzilmasi emas, balki siyosiy omillar ham muhim ahamiyat kasb etishi qayd etildi. Ko‘p hollarda musobaqaga kim ko‘proq ehtiyoj sezsa, o‘sha davlat g‘alaba qozonishi mumkin.
Nikimbayev shaxsiy nuqtayi nazaridan kelib chiqib, turnirni Koreyada o‘tkazishni ma’qul deb hisoblaydi. Uningcha, so‘nggi yillarda yirik musobaqalar asosan Arab davlatlari va G‘arbiy Osiyoda tashkil etilgan. Shu sababli Osiyoning sharqiy qismiga ham imkoniyat berish adolatli bo‘lar edi. Indoneziya ham da’vogarlar qatorida tilga olinsa-da, OFK uchun Koreya varianti ustunroq hisoblanmoqda.
Ma’lumot o‘rnida aytish joizki, 2031 yilgi Osiyo Kubogi mezboni bo‘yicha yakuniy qaror 2026-yilda bo‘lib o‘tadigan OFK Kongressida rasman e’lon qilinadi. Shu vaqtgacha esa kurash yanada qizg‘in tus olishi shubhasiz.
“Zamin”ni Telegramʻda oʻqing!Mehmon guruhidagi foydalanuvchilar ushbu nashrga izoh qoldira olmaydi.