date

«Liverpul»ga yo‘l xaritasi: «Siti» tajribasi qutqaruv bo‘la oladimi?

«Liverpul»ga yo‘l xaritasi: «Siti» tajribasi qutqaruv bo‘la oladimi?

«Liverpul» afsonasi Jeymi Karrager mersisaydliklarning chempionlik mavsumi ortidan kelgan og‘ir davr haqida to‘xtalib, jamoaga inqirozdan chiqish uchun aniq yo‘lni ko‘rsatdi. Uning fikricha, bugun «Liverpul»ga eng to‘g‘ri namuna — «Manchester Siti»ning yaqin o‘tmishdagi tajribasi.

Ma’lumki, Xosep Gvardiola boshqaruvidagi «shaharliklar» ketma-ket to‘rt yil chempion bo‘lganidan keyin o‘tgan mavsum kuzida jiddiy pasayishga duch kelgan edi. O‘yin barqarorligi yo‘qoldi, ochkolar qo‘ldan chiqdi. Ammo ispaniyalik mutaxassis muammoni o‘z vaqtida tan olib, chiqish yo‘lini tarkibni yangilashda ko‘rdi. Qishki transferlar oynasida amalga oshirilgan keskin qadamlar natijasida «Siti» mavsumning ikkinchi yarmida o‘zini qo‘lga oldi. Biroq kuzda yo‘qotilgan ochkolar oxir-oqibat chempionlikni «Liverpul»ga boy berishga sabab bo‘ldi.

Karragerning ta’kidlashicha, hozir aynan shunday manzara Arne Slot jamoasida ham kuzatilmoqda. «Liverpul» Premer-ligada ochkolarni qiyinchilik bilan jamg‘armoqda, chempionlik unvonini saqlab qolishiga esa ishonch kun sayin kamayyapti.

Ekspertning fikricha, yozda rekord darajada sarf qilingan mablag‘lar ham muammoni hal qila olmadi. Hujum va himoya chizig‘iga bir qator yulduz futbolchilar jalb etilganiga qaramay, jamoa barqaror o‘yin topa olmayapti. Shu bois Karrager qishki transferlar davrida ham faollikni oshirishga chaqirmoqda.

— «Siti» o‘tgan qishda to‘g‘ri qaror qabul qildi. Ular muammoni kechiktirmadi va tarkibni kuchaytirish uchun 180 million funtdan ortiq mablag‘ sarfladi. Bu o‘z samarasini berdi: jamoa natijalarini yaxshiladi, Chempionlar ligasida qoldi va barcha sovrinlar uchun kurashni davom ettiryapti, — dedi Karrager.

Uning so‘zlariga ko‘ra, aynan o‘z vaqtida qilingan qishki transferlar «Manchester Siti»ni inqirozdan chiqardi va favoritlar safiga qaytardi.

Eslatib o‘tish joiz, o‘tgan qishda «Siti» o‘z tarixidagi eng yirik transfer kampaniyalaridan birini o‘tkazib, Abduqodir Husanov, Umar Marmush, Niko Gonsales va Vitor Reysni tarkibga qo‘shdi. Ushbu xaridlar uchun jami 210 million yevro sarflangan bo‘lib, bu summa Premer-ligadagi qolgan 19 klubning qishki xarajatlaridan ham yuqori bo‘ldi.

«Liverpul» ham yozda transfer bozorida faol bo‘ldi: Florian Virs, Aleksander Isak, Ugo Ekitike kabi qimmatbaho hujumchilar olib kelindi, himoyaga esa Milosh Kerkez, Jovanni Leoni va Jeremi Frimpong qo‘shildi. Ammo natija kutilganidek bo‘lmadi.

Hozir mersisaydliklar yanvarda markaziy himoyachi va qanot hujumchisini olishni rejalashtiryapti. Nomzodlar orasida Mark Gexi va Antuan Semeno tilga olinmoqda.

Jeymi Karrager esa xulosani ochiq aytadi: agar «Liverpul» yana sovrinlar uchun kurashadigan jamoaga aylanmoqchi bo‘lsa, inqirozdan chiqishning eng ishonchli yo‘li — qishki transferlarda qat’iyatli qadam tashlash. Buning eng yorqin isboti esa «Manchester Siti» tajribasidir.

Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi?
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosing
Ma’lumot
Mehmon guruhidagi foydalanuvchilar ushbu nashrga izoh qoldira olmaydi.
Yangiliklar » Sport » «Liverpul»ga yo‘l xaritasi: «Siti» tajribasi qutqaruv bo‘la oladimi?