
O‘tgan mavsum Pro ligada chempionlikni qo‘lga kiritgan «Lokomotiv» yangi Superliga mavsumi oldidan tayyorgarlikni juda jiddiy olib bormoqda. Jamoa rahbariyati va murabbiylar shtabi oldiga qo‘yilgan asosiy maqsad — elita divizionda munosib ishtirok etish va barqaror natijalar ko‘rsatish. Shu yo‘lda «temiryo‘lchilar» muxlislarni quvontirgan muhim qarorni rasman e’lon qildi.
Klub matbuot xizmati tarqatgan xabarga ko‘ra, jamoa tarkibiga tajribali va muxlislarga yaxshi tanish futbolchi — Oleg Zoteev qo‘shildi. U yangi mavsumda yana «Lokomotiv» sharafini himoya qiladi.
Ma’lum qilinishicha, 2023 yilda ham «Lokomotiv» safida munosib o‘yinlar namoyish etgan, jamoa sardori bo‘lgan Oleg Zoteev yana o‘z jonajon klubiga qaytdi. Uning jamoaga qaytishi nafaqat tarkibni kuchaytirishi, balki yosh futbolchilar uchun ham katta tajriba maktabi bo‘lishi kutilmoqda.
Oleg Vladimirovich «Lokomotiv» safidagi faoliyati davomida muxlislar mehrini qozongan futbolchilardan biriga aylangan. U klub tarkibida jami 187 ta uchrashuvda maydonga tushib, 10 ta gol va 13 ta golli uzatma muallifi bo‘lgan. Bu ko‘rsatkichlar uning jamoa uchun qanchalik foydali va ishonchli futbolchi ekanini yaqqol namoyon etadi.
Klubning rasmiy bayonotida ham ushbu qaytish alohida iliq so‘zlar bilan qayd etildi: «Lokomotiv»ga qaytish muborak, Oleg Zoteev!» degan so‘zlar «temiryo‘lchilar» muxlislari kayfiyatini yanada ko‘tardi.
Shubhasiz, Oleg Zoteevning qaytishi «Lokomotiv»ning yangi mavsum oldidan kuchli ruhiy turtki olishiga xizmat qiladi. Endi muxlislar jamoadan Superligada ham jasoratli o‘yinlar va yorqin natijalar kutishmoqda.
“Zamin”ni Telegramʻda oʻqing!Mehmon guruhidagi foydalanuvchilar ushbu nashrga izoh qoldira olmaydi.