Bavariya Upamekano bilan yangi shartnomada kelisha olmayapti

Myunxenning «Bavariya» klubi markaziy himoyachi Dayo Upamekano bilan yangi shartnoma bo‘yicha hali ham murosaga kela olmayapti. Bu haqda euro-football.ru xabar beradi.
Sky Sports xabariga ko‘ra, yaqinda klub rahbariyati va fransuz futbolchisining agentlari navbatdagi uchrashuvni o‘tkazgan, biroq muzokaralarda sezilarli siljish bo‘lmagan. Bugungi matbuot anjumanida Upamekano ham amaldagi kelishuvi atrofidagi vaziyatga to‘xtaldi.
«Tafsilotlarga kirishni istamayman. «Bavariya» bilan muzokara olib boryapman. Aytishim mumkin bo‘lgan yagona narsa shu», — dedi fransuz himoyachisi.
Upamekanoning «Bavariya» bilan amaldagi shartnomasi 2026 yil 30 iyungacha mo‘ljallangan. Shu bois u yozgi transfer bo‘yicha boshqa klublar bilan ham erkin muzokara olib borish huquqiga ega. Joriy mavsumda himoyachi 21 o‘yinda maydonga tushib, 1 gol urdi. Transfermarkt portali futbolchining bozor qiymatini 70 million yevroga baholamoqda.
“Zamin”ni Telegramʻda oʻqing!