«Manchester Siti» Antuan Semenyo transferini rasman e’lon qildi

2026 yilning hozirgacha bo‘lgan qismidagi eng katta transferlardan biri amalga oshdi: «Manchester Siti» «Bornmut»dan Antuan Semenyoni o‘z safiga qo‘shib oldi. Bitim qiymati — 62,5 million funt, qo‘shimcha ravishda 1,5 million funt bonus ham ko‘zda tutilgan.
26 yoshli ganalik vinger «shaharliklar» bilan 2031 yil yozigacha mo‘ljallangan uzoq muddatli shartnoma imzoladi. Bu degani: Gvardiola (va jamoa) uni “bir mavsumlik variant” emas, aynan uzoqqa mo‘ljallangan kuchli loyiha sifatida ko‘ryapti.
Semenyoning joriy mavsumdagi formasi esa alohida gap: u APLda 21 ta uchrashuvda 10 ta gol va 3 ta assist qayd etgan. O‘tgan mavsumda ham barqaror o‘ynab, 37 ta bahsda 11 gol va 5 assist bilan jamoasiga katta foyda keltirgan edi.
Futbolchining yo‘li ham qiziq: u faoliyati davomida «Bristol Siti»da yetilib chiqqan, keyingi bosqichlarda «Sanderlend»da ham to‘p tepgan. Endi esa — Angliyaning eng katta sahnasi, eng qattiq talablari bor jamoa: «Manchester Siti».
Muxlislar uchun eng muhim savol bitta: Semenyoo «Siti»ga nima beradi? Javob ham taxminan shunday: tezlik, kuchli yakkama-yakka, himoyani yirtish va eng asosiysi — gol hidi. «Etixad»da raqobat qattiq, lekin u aynan shunday o‘yinchilar bilan tarkibni “tirik” qiladigan tip.
Qisqasi, «Siti» 2026 yilni transfer bozorida “yirik qadam” bilan boshladi. Endi navbat — Semenyoning yangi libosda birinchi o‘yini va o‘sha klassik ssenariy: bir marta tezlik qo‘ysa, raqib himoyasi “Wi-Fi”dek uzilib qoladi.
“Zamin”ni Telegramʻda oʻqing!