Toppmyoller jamoa to'liq tayyor, hamma maydonga shoshilmoqda

Frankfurtning "Ayntraxt" bosh murabbiyi Dino Toppmyoller Dortmundning "Borussiya"siga qarshi o'yin oldidan jurnalistlar bilan uchrashib, jamoa holati haqida gapirdi. Bundesliga 16-tur bahsi 9-yanvar kuni 00:30 da (Toshkent vaqti bilan) start oladi. Bu haqda euro-football.ru xabar beradi.
Mutaxassisning aytishicha, Fares Shaibi hanuz Afrika millatlar kubogida, Elyes Skhiri esa dushanba kuni jamoaga qaytadi. Jarohatlar sabab Jonatan Burkardt, Mishi Bachuayi va Timoti Chandler safdan chiqqan, Jan-Matteo Baoya esa betobligi bois ro'yxatda yo'q.
Qolgan futbolchilar mashg'ulotlarda ishtirok etmoqda va kayfiyat yaxshi. Toppmyoller tanaffus qisqa bo'lganini, ammo tiklanish uchun yetarli bo'lganini ta'kidladi: "Batareyalar to'liq zaryadlangan, hamma yana kurashga tayyor".
Murabbiy raqib haqida ham to'xtalib o'tdi: uning fikricha, Niko Kovach qo'l ostida dortmundliklar himoyada ancha ishonchli ko'rinmoqda va juda mehnatkash o'yin namoyish etmoqda. "Bu mavsum ularga ilk bor to'qnash kelmayapmiz. Kubokdagi bahs uchun ham hali hisobimiz bor — o'sha o'yinda kamida tengma-teng kurashgandik. Jiddiy jang kutyapman, biz boshidanoq tayyor bo'lishimiz va kuchli o'yin ko'rsatishimiz kerak", — dedi u.
Hozirda "Ayntraxt" 25 ochko bilan 7-o'rinda, Dortmundning "Borussiya"si esa 32 ochko jamg'argan holda 2-pog'onada bormoqda.
“Zamin”ni Telegramʻda oʻqing!