Ugu Viana: Mark Gexi “Siti” himoyasini yangi bosqichga olib chiqadi

“Manchester Siti” sport direktori Ugu Viana klubning yangi transferlaridan biri — Mark Gexi haqida fikr bildirib, angliyalik himoyachining jamoa uchun naqadar muhim qo‘shimcha bo‘lishini alohida ta’kidladi.
Ma’lum qilinishicha, “shaharliklar” Mark Gexini “Kristal Pelas”dan 20 million funt sterling hamda bonuslar evaziga sotib oldi. Bu transfer “Siti”ning himoya chizig‘ini mustahkamlash yo‘lidagi navbatdagi aniq qadam sifatida baholanmoqda.
Viananing aytishicha, Gexi Angliya futbolida ancha vaqtdan beri eng barqaror va ishonchli markaziy himoyachilar qatorida bo‘lib kelmoqda.
“Rostini aytsam, Mark Gexi uzoq vaqtdan beri Angliya futbolidagi eng kuchli himoyachilardan biri hisoblanadi. Shu sabab uni “Manchester Siti”ga olib kelganimizdan chin dildan xursandmiz. Biz jamoani yanada o‘sishiga xizmat qiladigan katta iste’dod egasi bilan shartnoma imzoladik”, — deya ta’kidladi klub rasmiysi.
Ugu Viana Gexining yoshi hali 25 da ekanini eslatib, shunga qaramasdan u allaqachon maydonda yetakchi bo‘lish, yuksak professional daraja va o‘z ustida ishlash madaniyatini amalda isbotlaganini qayd etdi. Bu esa “Siti” kabi talab yuqori bo‘lgan klubda juda katta ahamiyatga ega.
Sport direktorining ta’rificha, Gexi nafaqat jismonan baquvvat, balki himoyada o‘ta sifatli harakat qiladi, vaziyatni tez tushunadi, o‘yinni “o‘qish”da ham yuqori saviyaga ega. Eng muhimi, har safar maydonga tushganida u jamoaga ishtiyoq, harakat va energiya olib kirishi bilan ajralib turadi.
“U faoliyatining eng yaxshi davriga kirib kelyapti. Ishonamanki, “Siti”ning har bir muxlisi uning osmonrang libosda qanday yuqori darajada o‘ynay olishini ko‘rib, mamnun bo‘ladi”, — dedi Viana.
Qisqasi, “Manchester Siti” muxlislari uchun yana bir qiziq nom paydo bo‘ldi. Gexi himoyadagi raqobatni kuchaytiradi, jamoaga yangi xarakteri va yuqori sifatlari bilan ta’sir ko‘rsatishi kutilmoqda. Endi esa barchasi maydonda ko‘rinadi: osmonrang libosdagi yangi himoyachi “Siti” himoyasini haqiqatan ham yangi bosqichga olib chiqa oladimi — buni yaqin oradagina bilib olamiz.
“Zamin”ni Telegramʻda oʻqing!