«Bornmut» «Liverpul»ning mag‘lubiyatsiz seriyasiga chek qo‘ydi (video)

APLning 23-turida «Vitaliti» stadioni haqiqiy dramaga sahna bo‘ldi. «Bornmut» o‘z maydonida «Liverpul»ni 3:2 hisobida yengib, muxlislarga trillerga teng bellashuv taqdim etdi.
Uchrashuvning dastlabki daqiqalaridanoq mezbonlar hujumga o‘tdi, bosimni oshirdi va raqibni himoyaga majbur qildi. Natija uzoq kuttirmadi: 26-daqiqada Evanilson hisobni ochdi. Oradan ko‘p o‘tmay, 33-daqiqada Ximenes yana bir bor «Liverpul» darvozasini ishg‘ol qilib, birinchi bo‘limdayoq «Bornmut»ga ikki to‘plik ustunlikni ta’minlab berdi.
Biroq mersisaydliklar bu yerda taslim bo‘ladigan jamoa emas. Tanaffus oldidan van Deykning aniq zarbasi hisobni qisqartirdi va «Liverpul» ikkinchi bo‘limga boshqacha kayfiyat bilan chiqdi. Uyin oxiriga borib bosim yanada kuchaydi: 80-daqiqada Soboslai hisobni tenglashtirdi va ko‘pchilik allaqachon «kambek tayyor» deb o‘ylab ulgurgandi.
Lekin futbol shu yerda futbol: qo‘shib berilgan so‘nggi soniyalarda «Bornmut» yana bir bor zarba berdi. 90+5 daqiqada Adlining g‘alaba goli stadionni portlatdi, «Liverpul» esa bir zumda shok holatiga tushib qoldi.
APL. 23-tur
Bornmut — Liverpul 3:2
24 yanvar, «Vitaliti»
Gollar: Evanilson (26), Ximenes (33), Adli (90+5) — van Deyk (45), Soboslai (80).
Bornmut — Petrovich, Smit, Hill, Senesi, Tryuffer, Skott, Kuk, Ximenes (Tot, 85), Krupi (Kristi, 67), Adli, Evanilson (Unal, 90+3).
Liverpul — Alisson, Frimpong (Jons, 59), Gomes, van Deyk, Kerkez (Robertson, 46), Gravenberh, Mak Allister (Ekitike, 59), Soboslai, Virts, Saloh, Gakpo (Ngumoha, 74).
Ogohlantirishlar: Krupi (45+3), Gravenberh (90+3).
Shu tariqa, Slot jamoasining 10 o‘yinlik mag‘lubiyatsiz seriyasi to‘xtatildi. «Liverpul» 36 ochko bilan 4-o‘rinda qolgan bo‘lsa, «Bornmut» 30 ochko jamg‘arib, 13-pog‘onaga ko‘tarildi.
Qisqasi, «Vitaliti»dagi bu kecha «Liverpul» uchun qattiq zarba bo‘ldi, «Bornmut» esa o‘z muxlislariga uzoq esda qoladigan g‘alabani sovg‘a qildi.
“Zamin”ni Telegramʻda oʻqing!