Gexi debyuti va Husanov bilan mustahkam himoya tandemi haqida gapirdi

Gexi debyuti va Husanov bilan mustahkam himoya tandemi haqida gapirdi
QisqachaAI yordamida tayyorlanganKo‘rsatish
  • “Manchester Siti”
  • Angliya Premer-ligasining 23-turida “Vulverxempton”ni 2:0 hisobida mag‘lub etib, 2026-yildagi ilk g‘alabasini qo‘lga kiritdi.
  • Uchrashuvda jamoaga yaqinda qo‘shilgan Mark Gexi debyut qilib, Abduqodir Husanov bilan markaziy himoyada ishonchli tandem hosil qildi.
  • Gexi debyutidan mamnunligini, biroq Premer-liga ritmi va pozitsion o‘yinning nozik jihatlariga hali to‘liq moslashishi kerakligini aytdi.

Angliya Premyer-ligasining 23-turida “Manchester Siti” o‘z maydonida chempionat autsayderi “Vulverxempton”ni qabul qilib, ishonchli o‘yin namoyish etdi. Umar Marmush va Antuan Semeno tomonidan kiritilgan gollar evaziga “shaharliklar” 2:0 hisobida g‘alaba qozondi. Bu natija “Siti” uchun APLning 2026 yildagi ilk zafari sifatida qayd etildi.

Ushbu bellashuvda muxlislar diqqati, avvalo, jamoaga yaqinda qo‘shilgan markaziy himoyachi Mark Gexining debyutiga qaratildi. Angliya chempionatining eng barqaror himoyachilaridan biri hisoblangan futbolchi “Manchester Siti” himoyasi markazida o‘zbekistonlik Abduqodir Husanov bilan yelkama-yelka harakat qildi. Ushbu tandem raqibning barcha urinishlarini muvaffaqiyatli bartaraf etib, darvozabon Janluiji Donnarummaga “quruq” o‘yin o‘tkazishda yordam berdi.

Uchrashuvdan keyin Mark Gexi o‘z taassurotlari bilan o‘rtoqlashdi. Uning so‘zlariga ko‘ra, o‘yin umumiy jihatdan yaxshi o‘tgan, biroq Premyer-liga ritmiga to‘liq moslashish uchun hali o‘rganadigan jihatlar ko‘p.

— Men tomondan hammasi joyida edi, ammo o‘yin ritmiga to‘liq kirishib ketishim uchun hali ko‘p narsani o‘rganishim kerak. Bu yerda mayda detallar, pozitsion o‘yinga oid masalalar va turli nozik jihatlar juda ko‘p. Shu bilan birga, bu debyut men uchun juda hayajonli bo‘ldi, — dedi Gexi.

Shuningdek, u jamoadagi umumiy muhitga ham alohida to‘xtalib o‘tdi.

— Jamoada yaxshi ruhiyat bor. Endi eng muhimi — diqqatni keyingi uchrashuvga qaratish va g‘alaba qozonishda davom etish. Bizga to‘g‘ri mentalitet va yuqori intensivlik kerak. Umid qilamanki, shuni saqlab qolamiz, — deya qo‘shimcha qildi u.

25 yoshli Mark Gexi futbolchilik faoliyatini “Chelsi” akademiyasida boshlagan. Ammo “aristokratlar” safida asosiy tarkibga kirish qiyin bo‘lgani sabab, u bir necha bor “Suonsi”ga ijaraga berilgan. 2021-yilda esa “Kristal Pelas” uni 23,34 million yevro evaziga sotib oldi. London klubi tarkibida deyarli besh yil to‘p tepgan Gexining shartnomasi joriy yil 30-iyunda yakunlanishi kerak edi.

Ko‘plab klublar himoyachining erkin agentga aylanishini kutgan bir paytda, “Manchester Siti” tashabbusni qo‘lga oldi va “Kristal Pelas”ga 23 million yevro to‘lab, futbolchini o‘z safiga qo‘shib oldi. Joriy mavsumda Gexi barcha musobaqalarda 34 ta uchrashuvda maydonga tushib, nafaqat himoyada ishonchli harakat qildi, balki uch marta gol urdi va jamoadoshlariga to‘rtta golli uzatma ham berdi.

Endi esa u “Siti”da Abduqodir Husanov bilan himoya markazida yangi va umidli tandem shakllantirmoqda. Xosep Gvardiola shogirdlari navbatdagi uchrashuvni 28 yanvar kuni Yevropa Chempionlar ligasi umumiy bosqichining so‘nggi — 8-turida Turkiyaning “Galatasaroy” jamoasiga qarshi o‘tkazadi.

Izohlar 0

…

Mavzuga oid yangiliklar