Bu narsa keyinchalik Eldor Shomurodov qimmatga tushishi mumkin...

O‘zbekiston milliy terma jamoasi yetakchilari — Eldor Shomurodov va Abbosbek Fayzullayev to‘p surayotgan «Istanbul Bashakshehir» Nuri Shaxin qo‘l ostida ancha jonlandi. Jamoa natija jihatdan ham, o‘yin uslubi jihatdan ham o‘zgarib, muxlislarga ishonch ulashyapti: istanbulliklarning mag‘lubiyatsiz seriyasi oltita uchrashuvga yetdi.
Bu oltita bahsning beshtasida g‘alaba qo‘lga kiritildi. Faqat chempionlik uchun jiddiy kurashayotgan «Fenerbahche» bilan to‘qnashuvda «Bashakshehir» g‘alabaga yeta olmadi — o‘sha o‘yinda kuchlar teng keldi. Ammo umumiy fon bir narsani ko‘rsatyapti: Nuri Shaxin keldi — jamoa o‘zini topa boshladi.
Bu muvaffaqiyatda Eldor Shomurodovning hissasi alohida ko‘rinadi. 19-turda «Istanbul Bashakshehir» «Kayserispor» mehmoni bo‘lib, raqib darvozasiga javobsiz uchta gol jo‘natdi. Uchrashuvda Shomurodov juda faol harakat qildi va ikki gol epizodida hal qiluvchi ta’sir ko‘rsatdi.
Avvalo, birinchi holatda Eldorning qattiq zarbasini darvozabon qaytardi, ammo to‘p himoyachi Ramazon Chivelekka tegib, avtogol sifatida hisobga kirdi. Ya’ni, rasmiy protokolda avtogol bo‘lsa ham, epizodni “yaratgan” futbolchi — aynan Shomurodov edi.
Uchinchi golda esa u yana bir bor o‘zining eng kuchli qurollaridan birini ko‘rsatdi: aqlli va aniq pas. Nunu Da Koshta o‘zbek hujumchisining ideal uzatmasidan keyin to‘pni darvozaga joylab qo‘ydi. Bunday paytda hujumchiga “gol emas-ku” deb da’vo qilish qiyin — chunki o‘sha pas bo‘lmasa, golning o‘zi ham bo‘lmasdi.
Lekin shu o‘yinning bir og‘riqli nuqtasi bor: Eldor o‘zi bir necha bor aniq zarba yo‘llaganiga qaramay, gol urish nasib etmadi. Va bu narsa keyinchalik qimmatga tushishi mumkin. Chunki Shomurodov Turkiya Superligasi to‘purarligi uchun asosiy da’vogar hisoblanyapti: u 19 ta uchrashuvda 13 ta gol bilan yakkapeshqadam bo‘lib turibdi.
Biroq to‘purarlik — “kechirmaydigan poyga”. Bu turda uning eng yaqin ta’qibchilaridan biri Pol Onuachu gol urib qo‘ydi. Nigeriyalik legioner «Kasimpasha» darvozasini ishg‘ol qilib, ligadagi gollarini 12 taga yetkazdi va «Trabzonspor»ning g‘alabasiga hissa qo‘shish bilan birga, Eldor bilan oradagi farqni minimal darajaga tushirdi. Endi bir gollik masofa — bu deyarli “ko‘z ochib yumguncha” degani.
Uchinchi o‘rinda ketayotgan braziliyalik Taliska ham 11 gol bilan turibdi va bu turda hisobini oshirishga harakat qiladi. Uning jamoasi «Fenerbahche» hali 19-tur o‘yinini o‘tkazmagani sabab, to‘purarlar bahsidagi manzara tezda o‘zgarib ketishi ehtimoli katta.
Qolaversa, keyingi o‘rinlardagi Mauro Ikardi hamda Felipe Augusto bu safar gol ura olmadi va ularning hisobida 9 tadan urilgan gol bor. Demak, asosiy bosim hozircha birinchi uchlikda — ayniqsa, Eldor atrofida.
Endi eng qiziq va biroz achchiq nuqtaga kelaylik. «Kayserispor»ga qarshi bahsda hisobni «Bashakshehir»ning germaniyalik legioneri Devi Zelke penaltidan urgan gol bilan ochdi. Va tushunarsiz jihat shundaki, to‘purarlar poygasida “oldinda ketib borayotgan” Shomurodovga 11 metrlik nuqtadan zarba berish imkoni berilmayapti.
Bu birinchi marta emas. «Trabzonspor» bilan bo‘lgan dramatik to‘qnashuvda ham penaltini Zelke tepgan va hisobni ochgandi. O‘sha o‘yinda Eldor o‘yin davomida gol urib, baribir o‘zini ko‘rsatgan. Ammo bu gal u gol urishdan ko‘ra, vaziyat yaratish bilan cheklandi.
To‘purarlar raqobatida har bir golning bahosi oltin. Shu ma’noda, «Bashakshehir» Eldorni yanada qo‘llab-quvvatlab, penalti mas’uliyatini unga topshirsa, bu jamoa uchun ham, futbolchi uchun ham manfaatli bo‘lishi mumkin. Eldor penalti tepishni biladi — buni ko‘pchilik yaxshi biladi. Hujumchi uchun esa gol urilmagan har bir uchrashuv “yo‘qotilgan imkoniyat”ga aylanishi ehtimoli yuqori.
Xulosa bitta: «Bashakshehir»da seriya bor, o‘yin bor, ruh bor. Endi Eldorning to‘purarlikdagi ustunligini saqlab qolish uchun mayda detallar ham hal qiluvchi ahamiyatga ega. Penalti kabi epizodlar esa ba’zan butun mavsum taqdirini o‘zgartirib yuboradi — ayniqsa to‘purarlar poygasida.
“Zamin”ni Telegramʻda oʻqing!