Nodir Eliboyev Osiyo kubogida faqat g‘alabani maqsad qildi

Futzal bo‘yicha O‘zbekiston milliy jamoasi bosh murabbiyi Nodir Eliboyev Osiyo kubogi–2026 musobaqasi oldidan tashkil etilgan matbuot anjumanida qatnashib, jamoaning tayyorgarligi, maqsadlari va guruhdagi raqiblar haqida batafsil fikr bildirdi.
Mutaxassis avvalo Indoneziya tomoniga minnatdorchilik bildirdi. U Jakarta shahridagi qabul, tashkilotchilik va mehmondo‘stlik uchun mamlakat rahbariyati hamda futbol-futzal mutasaddilariga rahmat aytib, musobaqada ishtirok etayotgan barcha jamoalarga omad tiladi.
Eliboyevning so‘zlariga ko‘ra, O‘zbekiston terma jamoasi Osiyo kubogiga jiddiy va puxta tayyorlangan. Jamoa Jakartaga shunchaki qatnashish uchun emas, oldidan qo‘yilgan vazifani sharaf bilan bajarish niyatida kelgan.
Bosh murabbiy eng avvalgi maqsadni ochiq aytdi: guruh bosqichidan ishonchli o‘tib, pley-off yo‘llanmasini qo‘lga kiritish. Shu yo‘lda har bir o‘yinda yigitlar oldiga faqat g‘alaba talabi qo‘yilgan. Eliboyev “maqsad qiyin, lekin amalga oshirsa bo‘ladigan” ekanini ta’kidlab, jamoa 100 foiz kurashga tayyorligini bildirdi.
Shu bilan birga, mutaxassis muammolar ham borligini yashirmadi. Ayrim futzalchilar jarohat sabab tarkibga qo‘shilolmagan. Bu holat milliy chempionatning oxirgi turlarida yuz bergani uchun jamoa himoya va hujum chizig‘idagi bog‘lanishlarda tezkor o‘zgarish qilishga majbur bo‘lgan. Lekin bu vaziyatga qaramay, terma jamoa tayyorgarlikni to‘xtatmagan, aksincha, yangi variantlar ustida ishlab, jamoaviy o‘yinni qayta joyiga tushirishga harakat qilgan.
Eliboyev rejadagi ishlar qay darajada to‘g‘ri chiqqanini birinchi uchrashuvlardan keyin bilish mumkinligini aytdi. Turnir davomida ham jamoa faqat o‘yin o‘tkazish bilan cheklanmay, tahlil, ishlash va izlanishni davom ettirishini alohida urg‘uladi.
Bosh murabbiyning ishonchi komil: milliy jamoaga chaqirilgan barcha futzalchilar jangovar ruhda, maydonda oxirigacha kurashishga tayyor. Ularning oldidagi asosiy vazifa esa bir: eng yuqori natija va muxlislarga g‘alabali, chiroyli o‘yinlar sovg‘a qilish.
Raqiblarga to‘xtalgan Nodir Eliboyev Osiyo futzalida “oson jamoa” degan tushuncha qolmaganini ta’kidladi. Uning fikricha, final bosqichiga chiqqan har bir terma jamoa futzalni yaxshi o‘zlashtirgan, shuning uchun bu yerda kuchsiz raqib bo‘lmaydi. Shu sabab, guruhdagi har bir jamoaning o‘yin uslubi chuqur o‘rganilgan, futzalchilarga aniq ko‘rsatmalar berilgan.
Ma’lumot o‘rnida, O‘zbekiston futzal terma jamoasi guruh bosqichida Tojikiston, Avstraliya va Yaponiyaga qarshi bahs olib boradi. Nodir Eliboyev shogirdlari ilk uchrashuvni 28 yanvar kuni Tojikistonga qarshi o‘tkazadi. Ushbu bellashuv Toshkent vaqti bilan 17:00 da start oladi. Avvalroq terma jamoaning Osiyo kubogi uchun yakuniy ro‘yxati ham e’lon qilingan.
Endi esa barchaning kutgani bir narsa: Jakartada “jangovar ruh” gapda emas, maydonda isbotlanishi.
“Zamin”ni Telegramʻda oʻqing!