Fabregasning "Komo"si Florensiyada sensatsiya qildi: "Fiorentina" "aut"da

Italiya kubogi 1/8 final bosqichida «Fiorentina» o‘z maydonida «Komo»ni qabul qildi. «Artemio Franki»da chorak final yo‘llanmasi uchun kechgan bahsda muxlislar golni uzoq kutmadi — o‘yin tezda “qizib ketdi”.
Uchrashuvning 7-daqiqasida Roberto Pikkoli zarbasi aniq chiqdi va mezbonlar hisobni ochdi. Stadiondagi muhit shu zahoti “Fiorentina bugun ishni tez hal qiladi” degan kayfiyatga kirib ulgurdi.
Lekin ajoyib mavsum o‘tkazayotgan Sesk Fabregas shogirdlari ruhan sinmadi. «Komo» o‘zini yo‘qotmadi, hujumda keskinlikni oshirdi va birinchi bo‘limning 20-daqiqasida Serxi Roberto hisobni tenglashtirdi — 1:1. Shu goldan keyin o‘yin ssenariysi butunlay o‘zgardi: «Komo» ishonch topdi, «Fiorentina» esa shoshilinch qarorlarga o‘tib qoldi.
Ikkinchi bo‘limda mehmonlar bosimni yanada kuchaytirdi. 60-daqiqada Niko Pas gol urib, «Komo»ni oldinga olib chiqdi. «Fiorentina» vaziyatni qutqarish uchun oldinga ko‘proq chiqdi, ammo bu ham orqa chiziqda bo‘shliklar qoldirdi. Yakunda 90+1-daqiqada Alvaro Morata so‘nggi nuqtani qo‘ydi — 1:3.
Shu tariqa, «Fiorentina» Italiya kubogidagi ishtirokini 1/8 finalda yakunladi. «Komo» esa katta qadam tashlab, chorak finalga chiqdi va keyingi bosqichda «Napoli»ga qarshi bahs olib boradi.
Italiya Kubogi 1/8 final
«Fiorentina» — «Komo» 1:3
28 yanvar, «Artemio Franki»
Gollar: Roberto Pikkoli (7) — Serxi Roberto (20), Niko Pas (60), Alvaro Morata (90+1).
“Zamin”ni Telegramʻda oʻqing!