Shomurodov va Fayzullayev Kubok o‘yinida yorqin qahramon bo‘ldi

“Istanbul Bashakshehir” klubi sharafini himoya qilayotgan O‘zbekiston milliy terma jamoasi yetakchilari Eldor Shomurodov va Abbosbek Fayzullayev Turkiya Kubogining navbatdagi uchrashuvida ham yana bir bor e’tibor markazida bo‘ldi. Istanbulliklar Turkiya Kubogi “A” guruhining 3-turida safarda “Fotih Karagyumryuk” bilan bellashib, raqib maydonidan 4:1 hisobidagi ishonchli g‘alaba bilan qaytdi.
Mustafo Kamol Otaturk nomidagi Olimpiya stadionida bo‘lib o‘tgan bahsda “Bashakshehir”ning katta ustunligi boshidanoq sezildi. Jamoa o‘yin tempini nazorat qildi, hujumlarni ketma-ket uyushtirdi va shunday paytda o‘zbek muxlislari uchun eng yoqimli manzara — gollarda hamyurtlarimizning ismi yozildi.
Uchrashuvda mehmonlarga g‘alaba keltirgan gollarni Abbosbek Fayzullayev, Eldor Shomurodov, Migel Krespo va Ivan Brnich o‘z hisobiga yozdirib qo‘ydi. Mezbonlarning yagona javob to‘pi esa 79-daqiqada Abdulqodir Mussa Kone tomonidan kiritildi.
O‘yinning eng keskin va muxlislarni bir zumda xavotirga solgan lahzasi 26-daqiqaga to‘g‘ri keldi. 23-daqiqada gol urib, jamoasini oldinga olib chiqqan “Bashakshehir”ning eng samarali to‘purari Eldor Shomurodov og‘riq his qilib, maydonni erta tark etdi. Endi o‘zbek legionerining holati qo‘shimcha tibbiy ko‘rikdan keyin aniq bo‘ladi: jarohat darajasi, davolanish muddati va keyingi o‘yinlarda ishtirok etish imkoniyati shundan so‘ng oydinlashadi.
Bu natija “Bashakshehir” uchun guruh bosqichidagi ikkinchi g‘alaba bo‘ldi. Jamoa ochkolarini 6 taga yetkazib, guruhdagi pozitsiyasini ancha mustahkamladi. Ilk mag‘lubiyatini qabul qilgan “Fotih Karagyumryuk” esa 2 ochko bilan qoldi.
Nuri Shahin boshchiligida “Bashakshehir”ning formasi ham kuchayib bormoqda. Jamoa Superliga va Turkiya Kubogi doirasidagi so‘nggi 6 uchrashuvning 5 tasida g‘alaba qozondi, bir bahs durang bilan yakunlandi. Eng muhim ko‘rsatkich — mag‘lubiyatsiz seriya 7 o‘yinga yetdi.
“Bashakshehir” oxirgi bor 2025-yil 18-dekabr kuni Turkiya Kubogida “Galatasaroy”ga mag‘lub bo‘lgan edi. Shundan beri jamoa natija va o‘yin sifati jihatidan ham o‘zini boshqacha ko‘rsata boshladi. Bu davrda “Bashakshehhir” kubokdagi ikki uchrashuvning ikkalasida ham zafar quchdi, chempionatda esa 3 g‘alaba va 1 durang qayd etdi.
Eldor Shomurodov joriy mavsumda barcha musobaqalarni hisobga olganda gollar sonini 15 taga yetkazdi. U Superligada 20 turdan keyin 14 ta gol bilan to‘purarlar poygasida peshqadamlik qilib turibdi. “Fotih Karagyumryuk” darvozasiga kiritilgan to‘p esa Eldorning Turkiya Kubogidagi ilk goli sifatida qayd etildi.
22 yoshli Abbosbek Fayzullayev Turkiya maydonlaridagi gollar sonini 3 taga yetkazdi. U bungacha Superligada “Kasimpasha” va “Gaziantep” darvozalarini ishg‘ol qilgan edi. Endi esa Kubokda ham o‘z hisobini ochib, “men bu yerda borman” degan signalni yana bir bor yubordi.
Qisqasi, “Bashakshehir” yirik g‘alaba bilan guruhdagi imkoniyatlarini oshirdi, Shomurodov va Fayzullayev esa gollari bilan muxlislarni quvontirdi. Endi eng katta intriga — Eldorning holati: agar jarohat jiddiy bo‘lmasa, “Bashakshehir” uchun ham, O‘zbekiston muxlislari uchun ham keyingi o‘yinlar yanada shirin bo‘ladi.
“Zamin”ni Telegramʻda oʻqing!