O‘runov va Sergeevning «Persepolis»i safarda «Malavan»ga yutqazib qo‘ydi

Eron Pro-ligasining 20-turi doirasidagi muhim bahslardan biri — «Malavan» hamda «Persepolis» o‘rtasidagi to‘qnashuv yakunlandi. Avvalgi turda «Chadormalu»ni mag‘lub etgan Oston O‘runov va Igor Sergeev to‘p surayotgan Tehron jamoasi bu safar safarda maydonga chiqib, «Malavan»ga qarshi kuch sinashdi.
Ushbu bellashuvda hamyurtlarimiz O‘runov va Sergeev o‘yinni asosiy tarkibda boshladi va final hushtagiga qadar maydonda harakat qildi. Biroq mehmonlarning intilishlari natijaga aylanmadi: bahs taqdirini uchrashuvning 11-daqiqasida Muhammdjavod Muhammadiy urgan yagona gol hal qildi.
Shundan keyin «Persepolis» o‘yinni o‘z foydasiga burish uchun qanchalik urindi — bosim qildi, vaziyatlar yaratdi, hujumlarda tezlikni oshirdi. Ammo «Malavan» darvozaboni Farzod Tayebipur va himoya chizig‘i ishonchli o‘ynab, mehmonlarning gol urishiga yo‘l qo‘ymadi. Qolgan daqiqalarda to‘p ko‘proq «Persepolis» nazoratida bo‘lganiga qaramay, hal qiluvchi zarba va aniqlik yetishmadi.
Natijada, 20-turdan keyin «Persepolis» 34 ochko bilan 4-pog‘onaga tushib qoldi. Peshqadamlar esa juda zich: kuchli uchlikdagi jamoalar — «Istiqlol», «Traktor Tabriz» va «Sepahon» hisobida 35 tadan ochko bor. "Malavan" esa 28 ochko bilan yettinchi o‘rinda bormoqda. Demak, chempionlik kurashida har bir tur — oltinga teng, har bir xatoga esa javob qattiq bo‘lyapti.
“Zamin”ni Telegramʻda oʻqing!