Gvardiola: "Arsenal"dan 6 ochko ortdamiz, bu taslim bo‘ldik degani emas

QisqachaAI yordamida tayyorlanganKo‘rsatish
- Pep Gvardiola “Manchester Siti”
- “Arsenal”dan 6 ochko ortda qolganini jiddiy farq deb atadi, ammo bu taslim bo‘lishni anglatmasligini ta’kidladi.
- Uning so‘zlariga ko‘ra, chempionlik poygasida hal qiluvchi omil bo‘lishi mumkin bo‘lgan 13 ta o‘yin hali oldinda.
- Turnir jadvalida “Arsenal” 56 ochko bilan peshqadam, “Manchester Siti” 50 ochko bilan ikkinchi, “Aston Villa” esa 47 ochko bilan uchinchi o‘rinda bormoqda.
Angliya Premyer-ligasida chempionlik poygasi qizib boryapti — har tur deyarli finalga o‘xshab qoldi. Ana shunday pallada "Manchester Siti" bosh murabbiyi Pep Gvardiola chempionlik kurashi haqida fikr bildirib, vaziyat og‘ir ekanini tan oldi, lekin umid eshigini ham yopmadi.
Gvardiola ta’kidlashicha, hozirgi hisobda “shaharliklar” "Arsenal"dan 6 ochko ortda. Uning so‘zlariga ko‘ra, bu katta farq, ammo futbolda “tamom” degan gap yo‘q:
— Biz olti ochko farq bilan orqadamiz. Bu jiddiy farq. Lekin hamma narsa bo‘lishi mumkin. Kim biladi, “Arsenal” uchun 6 ochkolik ustunlik chempion bo‘lishga yetarmikan? Hali oldimizda 13 ta o‘yin bor — ko‘p narsani aynan shu o‘yinlar hal qiladi, — dedi murabbiy.
Mutaxassis vaziyatni faqat liga bilan cheklab qo‘ymadi. U mavsumning qolgan qismida bir vaqtning o‘zida bir nechta frontda o‘ynashga to‘g‘ri kelishini ham eslatdi: kubok bahslari, yevrokuboklar, zich taqvim, charchoq va ehtimoliy jarohatlar — bularning barchasi chempionlik poygasiga ta’sir qiladi. Shu bois farqni qisqartirish oson bo‘lmasligi ochiq aytildi, ammo “quvib yetish mumkin” degan ishonch ham bor.
— Oradagi farqni kamaytirish qiyin kechadi. Lekin imkoniyatlar bor. Biz “Arsenal”ning izidan nafas olguday darajada yaqinlashishga harakat qilamiz, — dedi “Siti” ustozi.
Ayni vaqtda turnir jadvalida Mikel Arteta boshchiligidagi “to‘pchilar” 56 ochko bilan peshqadam. Ikkinchi o‘rinda 50 ochko jamg‘argan “Manchester Siti”, uchinchi pog‘onada esa 47 ochko bilan "Aston Villa" joylashgan.
Xulosa oddiy: 6 ochko — katta, lekin hal qiluvchi “devor” emas. Oldinda 13 ta tur bor ekan, har bir g‘alaba “minus 3”, har bir yo‘qotish esa raqibga “plyus ruhiyat”. Demak, chempionlik uchun jang endi boshlanyapti — va bu jangda biror jamoa o‘zini erta chempion deb e’lon qilsa, Premyer-liga uni tezda “hushiga keltirib” qo‘yadi.































Izohlar 0
…