Keyn Bavariyada hamma narsa joyida ekanini aytdi

Myunxenning «Bavariya» klubi hujumchisi Garri Keyn Bundesliganing 21-turida «Hoffenhaym» ustidan qozonilgan yirik g‘alabadan keyin fikr bildirdi. 8 fevral kuni (Toshkent vaqti bilan) bo‘lib o‘tgan uchrashuvda myunxenliklar 5:1 hisobida zafar quchdi. Bu haqda euro-football.ru xabar beradi.
Keyn klub saytiga bergan intervyusida so‘nggi paytlardagi ayrim omadsiz natijalar jamoa ichida bosimni oshirganini yashirmadi. Uning ta’kidlashicha, «Bavariya» uchun eng muhimi xotirjamlikni saqlab, o‘z o‘yin uslubidan chekinmaslik bo‘lgan. Hujumchi butun hafta davomida jamoa juda intensiv ishlaganini ham qo‘shimcha qildi.
Angliyalik forvard jamoaning holati yaxshi ekani maydondagi harakatlardan ham ko‘rinib turganini aytdi: futbolchilar jismonan tayyor va o‘ynashga chanqoq. Keyn uchrashuv boshida bu ayniqsa sezilganini, biroq raqib futbolchisining chetlatilishi o‘yin ritmini biroz buzganini qayd etdi. Uning so‘zlariga ko‘ra, «Bavariya»ga o‘z holatiga qaytish uchun 15–20 daqiqa kerak bo‘lgan.
Shuningdek, Keyn «Hoffenhaym»ga ham e’tirof bildirdi: u bu jamoani kuchli raqib deb atadi va ularning futbolchilari sifatli futbol namoyish etishini urg‘uladi.
21 turdan so‘ng «Bavariya» 54 ochko bilan chempionat jadvalida peshqadam. Dortmundning «Borussiya»si 48 ochko jamg‘argan. Keyn esa to‘purarlar poygasida 24 gol bilan birinchi o‘rinda bormoqda.
“Zamin”ni Telegramʻda oʻqing!