Husniddin Aliqulov «Rizespor» bilan shartnomasini uzaytirdi

Turkiyada to‘p tepayotgan hamyurtimiz Husniddin Aliqulov “Rizespor”dagi faoliyatini davom ettiradi. Klub rasmiy ravishda O‘zbekiston milliy jamoasi himoyachisi bilan amaldagi kelishuvni yana bir yilga uzaytirganini ma’lum qildi — endi shartnoma 2027-yil yozigacha amal qiladi.
Bir qarashda yangilik yaxshi: klub ishonyapti, demak Aliqulovni kelajakda ham asosiy loyiha sifatida ko‘ryapti. Ammo ikkinchi tomoni qattiq alamli.
Klub matbuot xizmati qayd etgan ma’lumotlarga ko‘ra, 26 yoshli futbolchi joriy mavsumda maydonga qayta olmaydi. Sabab — xochsimon paylardan olgan jarohati. Tiklanish jarayoni 6 oydan 9 oygacha cho‘zilishi aytilmoqda. Bu esa nafaqat klub o‘yinlari, balki milliy jamoa rejalari uchun ham jiddiy yo‘qotish.
Eng achinaralisi — yozda bo‘lib o‘tadigan jahon chempionatini ham o‘tkazib yuborishi deyarli rasman tasdiqlangani. Mundialga chiqish yo‘lida hissa qo‘shgan, himoyada “qora ish”ni bemalol qiladigan futbolchining bunday pallada chetda qolishi muxlislar uchun ham og‘ir xabar.
Aytish joiz, bu Aliqulovning ilk bor katta musobaqani jarohat sababli o‘tkazib yuborishi emas: u 2023 yilgi Osiyo kubogida ham aynan shunday omadsizlik tufayli maydonga tusha olmagandi.
Hozir eng muhimi — shoshmasdan, to‘liq sog‘ayish. Chunki xochsimon pay hazil emas: “tezda qaytaman” deb o‘zini qiynab qo‘ysa, keyin yanada uzoq tanaffusga aylanishi mumkin. Shu bois, sabr — hozirgi eng to‘g‘ri taktika. Muxlislar esa bir narsani kutadi: Aliqulov qaytadi — va yana avvalgidan ham baquvvat bo‘lib qaytadi.
“Zamin”ni Telegramʻda oʻqing!