Kunya soch oldirmaydigan fanat haqidagi gaplarga munosabat bildirdi

"Manchester Yunayted" hujumchisi Mateus Kunya jamoa muxlislari orasida mashhur bo‘lib ketgan noodatiy va’daga izoh berdi. Gap shundaki, klub ishqibozi jamoa ketma-ket besh g‘alaba qayd etmaguncha sochini oldirmaslikka qaror qilgan. Bu haqda euro-football.ru xabar beradi.
"Qizil iblislar" qariyb 500 kundan beri besh o‘yinni uzluksiz yutishga erisha olmayapti. Shu bois Frank Aylett ismli muxlis shu vaqt davomida sochini o‘stirib kelayotgani aytilmoqda.
Kunya RomarioTVga bergan intervyusida bu vaziyat atrofida haddan tashqari shov-shuv ko‘payganini ta’kidladi. Uning so‘zlariga ko‘ra, odamlar jamoaning g‘alabalaridan ko‘ra muxlisning soch turmagiga ko‘proq e’tibor qaratmoqda, o‘zi esa bunday masala bilan qiziqmaydi va jamoa uchun asosiy maqsad — 15 ochko, ya’ni besh g‘alabani qo‘lga kiritish.
Hujumchi ba’zan bu mavzu jamoa ichida tilga olinishi mumkinligini, ammo u futbolchilarni kuchli ruhlantirmasligini ham qo‘shimcha qildi. Kunyaning fikricha, klub besh yoki undan ko‘p o‘yinda ketma-ket g‘alaba qozonishni hammadan ham ko‘proq xohlaydi, lekin muxlisning va’dasi juda ko‘p e’tiborni o‘ziga tortib yuborgan.
23 fevral kuni Maykl Kerrik boshqaruvidagi jamoa safarda "Everton"ga qarshi maydonga tushadi.
“Zamin”ni Telegramʻda oʻqing!