date

Pley-offning ilk bahsida «Galatasaroy» «Yuventus»ni 5:2 hisobida yengdi

Pley-offning ilk bahsida «Galatasaroy» «Yuventus»ni 5:2 hisobida yengdi
Yevropa Chempionlar ligasi pley-off bosqichi birinchi uchrashuvi haqiqiy gollar festivaliga aylandi. «Galatasaroy» o‘z maydonida «Yuventus»ni 5:2 hisobida mag‘lub etib, javob bahsi oldidan katta ustunlikni qo‘lga kiritdi.

O‘yin boshidanoq sur’at yuqori bo‘ldi: mezbonlar 15-daqiqada Saraning goli bilan hisobni ochgani hamon, turinliklar 16-daqiqada Kopmeyners orqali darhol javob qaytardi. Shu bilan dramalar tugamadi: 32-daqiqada Kopmeyners yana bir bor nishonni aniq topib, «Yuve»ga umid berdi. Lekin «Galatasaroy» bu kecha hech kimga “tanaffusda o‘zingni yig‘ib ol” degan imkoniyat qoldirmadi.

Ikkinchi bo‘limda mezbonlar butunlay ochildi. Lang 49-daqiqada hisobni o‘zgartirdi, 60-daqiqada Sanches “temirni qiziq vaqtida bosib” ustunlikni mustahkamladi. Eng qizig‘i, 75-daqiqada Lang dubl rasmiylashtirib, stadionni portlatdi desak ham bo‘ladi. Uchrashuvning so‘nggi nuqtasini esa 86-daqiqada Boe qo‘ydi — 5:2.

Bahs taqdiriga ta’sir qilgan epizodlardan biri 67-daqiqada ro‘y berdi: Kabal chetlatildi. Shundan keyin «Yuventus» uchun vaziyat yanada og‘irlashdi, «Galatasaroy» esa bosimni pasaytirmadi.

Endi barcha e’tibor javob o‘yiniga qaratilgan. Ikkinchi bahs 26 fevralga o‘tar kechasi Turinda bo‘lib o‘tadi. «Yuventus» uyda mo‘jiza qidiradi, «Galatasaroy» esa ilk o‘yindagi ulkan zafarni yo‘qqa chiqarmaslikka harakat qiladi. Qisqasi, ikkinchi seriyasi “kayf” bo‘lishi aniq — faqat nervlaringiz tayyor bo‘lsin.

Qisqa ma’lumot
YECHL pley-off
«Galatasaroy» – «Yuventus» 5:2
Gollar: Sara 15, Lang 49, 75, Sanches 60, Boe 86 — Kopmeyners 16, 32.
Galatasaroy – Chaqir, Yakobs, Sanches, Shallai, Sara, Akgyun (Sane, 70), Torreyra, Bardakchi (Singo, 77), Osimhen, Yilmaz (Ikardi, 77), Lang.
Yuventus – Di Gregorio, Bremer (Gatti, 34), Lokatelli, Kelli, Konseysau (Kostich, 70), Kopmeyners, Yildiz, Kalulu, Tyuram, Makkenni, Kambyazo (Kabal, 46).
Ogohlantirishlar: Bardakchi 43 – Kambyazo 18, Spalletti, 37, Kabal 59.
Chetlatish: Kabal 67.

Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi?
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosing
Ma’lumot
Mehmon guruhidagi foydalanuvchilar ushbu nashrga izoh qoldira olmaydi.
Yangiliklar » Sport » Pley-offning ilk bahsida «Galatasaroy» «Yuventus»ni 5:2 hisobida yengdi