Mbappe Prestianini Vinisiusga aytgan haqoratini oshkor qildi

Madridning "Real" klubi hujumchisi Kilian Mbappe Chempionlar ligasida "Benfika"ga qarshi bahsdan so'ng ochiq fikrlari bilan o'rtoqlashdi. Bu haqda euro-football.ru xabar beradi.
"Qaymoqranglilar" 1:0 hisobida zafar quchdi. Uchrashuvdagi yagona golni 50-daqiqada Vinisius Junior kiritdi. Oradan ko'p o'tmay braziliyalik futbolchi lissabonliklar o'yinchisi Janluka Prestianinidan eshitilgan irqchilik mazmunidagi haqoratlar bo'yicha hakamga shikoyat qildi.
Mbappening aytishicha, Prestianini Vinisiusni bir necha bor "maymun" deb atagan. Fransuz hujumchi bu so'zlarni aniq eshitganini, raqib futbolchi esa og'zini berkitib, gapini yashirishga urinib ko'rganini ta'kidladi.
Shuningdek, Mbappe Prestianinining uzr so'rashi masalasiga ham munosabat bildirib, bunday holatni e'tiborsiz qoldirib bo'lmasligini aytdi. Uning fikricha, yosh bo'lish haqoratli va kamsituvchi so'zlar ishlatishga oqlov bo'la olmaydi. Mbappe "Benfika" va uning murabbiyiga nisbatan e'tirozi yo'qligini, biroq Prestianini endi Chempionlar ligasida o'ynamasligi kerakligini qo'shimcha qilgan.
Qayd etilishicha, taxmin qilinayotgan haqoratli epizod hakam tomonidan protokolga kiritilgan va keyinchalik ko'rib chiqiladi.
“Zamin”ni Telegramʻda oʻqing!