Eddi Hau Qarabog' tarkibida xavfli futbolchilar borligini aytdi

“Nyukasl” bosh murabbiyi Eddi Hau “Qarabog'”ga qarshi o'yin oldidan fikr bildirdi. Angliya va Ozarbayjon klublari o'rtasidagi uchrashuv 18-fevral kuni UEFA Chempionlar ligasi pley-off bosqichi doirasida bo'lib o'tadi. Bu haqda euro-football.ru xabar beradi.
Hau tayyorgarlik jarayonida “Qarabog'”ning ko'plab o'yinlarini, jumladan “Liverpul”ga qarshi bahsini ham kuzatganini ta'kidladi. Uning aytishicha, 0:6 hisobidagi natija maydondagi voqealarni to'liq aks ettirmaydi: “Qarabog'” uchrashuvni yaxshi boshlagan va texnik jihatdan puxta jamoa ekanini ko'rsatgan. Murabbiy raqib safida xavfli futbolchilar borligini alohida qayd etdi.
Shuningdek, Hau shogirdlari bahsga to'g'ri ruhiy tayyorgarlik bilan chiqishi va o'yinga jiddiy munosabatda bo'lishi zarurligini uqtirdi. Murabbiy Boku safariga “Nyukasl” muxlislari anchagina son bilan yetib kelganidan ham mamnunligini bildirdi.
“Zamin”ni Telegramʻda oʻqing!