Artetaga oxirgi shans: "Arsenal" rahbariyati undan sovrin talab qilmoqda

«Arsenal» rahbariyatida sabr kosasi tobora to‘layotgani haqida gap-so‘zlar yana avj oldi. Ingliz OAVlari tarqatayotgan ma’lumotlarga qaraganda, klub tepasidagilar jamoa bosh murabbiyi Mikel Arteta uchun endi “uzr” va “bo‘ldi-endi” degan bahonalar qolmagan, deb hisoblamoqda.
Gap shundaki, londonliklar so‘nggi uch yildan ortiq vaqt davomida ispaniyalik mutaxassisni transfer bozorida ham, umumiy loyiha nuqtayi nazaridan ham juda jiddiy qo‘llab-quvvatladi. Ya’ni, Artetaning qo‘lida kerakli resurs ham bo‘ldi, himoya ham bo‘ldi, vaqt ham berildi. Endi esa rahbariyatning talabi juda oddiy: natija.
Manbalarning da’vo qilishicha, klub mazkur mavsum yakunida ikki yo‘ldan birini ko‘rishni xohlayapti: yoki Angliya Premer-ligasida chempionlik, yoki Yevropa Chempionlar ligasida katta muvaffaqiyat — ya’ni sovrin. Agar bu ikki maqsaddan hech biri amalga oshmasa, «Arsenal» Artetani lavozimidan ozod etishi mumkinligi aytilmoqda.
Futbolda “loyiha”, “qurilish” degan so‘zlar chiroyli eshitiladi, lekin oxirida baribir bir narsaga kelib taqaladi — kubok. Va ayni paytda klubdagi kayfiyat shunday: “endi qurish emas, yig‘ish vaqti keldi”.
Eslatib o‘tamiz, Mikel Arteta 2019-yildan buyon «Arsenal»ni boshqarib kelmoqda. Uning davrida «to‘pchilar» Angliya kubogi hamda ikki marta Angliya Superkubogini qo‘lga kiritgan. Ammo muxlislar ham, rahbariyat ham hozir boshqacha toifadagi sovrinlarni — katta sahnadagi eng baland maqomni kutayapti.
Qisqa qilib aytganda: bu mavsum Arteta uchun “hammasi yoki hech narsa”ga o‘xshab qolyapti. Endi maydon so‘zi hal qiladi — boshqa gaplar o‘tmaydi.
“Zamin”ni Telegramʻda oʻqing!