Kompani Mourinyoning Vinisiusga qilgan e’tirozlarini keskin tanqid qildi

Yevropa Chempionlar ligasining Lissabondagi uchrashuvi mojarosiz o‘tmadi: Vinisius Junior raqib futbolchi Janluka Prestiannini irqchilikda aybladi. Bu haqda euro-football.ru xabar beradi.
O‘yindan keyin «Benfika» bosh murabbiyi Joze Mourinyo klub timsoli sifatida qora tanli afsona Eysebiuni tilga oldi. Shuningdek, portugaliyalik mutaxassis Vinisiusning golni nishonlash uslubini «provokatsion» deb baholab, futbolchining xatti-harakatiga e’tiroz bildirdi.
«Bavariya» bosh murabbiyi Vensan Kompani esa Mourinyo bu masalada xato qilganini aytdi. Uning fikricha, Mourinyo Vinisiusning bayramona harakatlarini ro‘kach qilib, futbolchining o‘sha vaziyatda qilgan bayonotini obro‘sizlantirishga uringan va bu katta xato bo‘lgan.
Kompani, shuningdek, Eysebiu nomidan bugun argument sifatida foydalanish ham noto‘g‘ri ekanini ta’kidladi: 60-yillarda qora tanli futbolchilar qanday sinovlardan o‘tganini hamma ham bilavermaydi. «Eysebiu bilan safar o‘yinlariga borib, u nimalarni boshdan kechirganini ko‘rganmi? Uning nomini Vinisiusga tanbeh berish uchun ishlatish to‘g‘ri emas», dedi Kompani jurnalistlarga.
Shu bilan birga, Kompani Mourinyoni shaxsan yomon inson sifatida ko‘rmasligini, u haqida ko‘plab hamkasblardan yaxshi gaplar eshitganini va futbolchilar uni hurmat qilishini qo‘shimcha qildi. «U klubini himoya qilmoqda, u yaxshi odam. Ammo bu safar adashdi», deya yakunladi «Bavariya» ustozi.
«Bavariya» shanba kuni «Ayntraxt»ni qabul qiladi.
“Zamin”ni Telegramʻda oʻqing!