Kivu Interga kambek uchun nimalar kerakligini aytdi

Milanning «Inter» bosh murabbiyi Kristian Kivu Chempionlar ligasi pley-off bosqichida «Bude-Glimt»ga qarshi javob uchrashuvi oldidan jamoasidan nimalarni kutayotganini bildirib o‘tdi. Bu haqda euro-football.ru xabar beradi.
Italiya grandi Norvegiyadagi ilk bahsda 1:3 hisobida mag‘lub bo‘lgandi. Qarama-qarshilik taqdiri 24-fevral, seshanba kuni «San-Siro»da hal bo‘ladi.
«Maydonda imkon qadar ishonchli va yuqori intensivlikda o‘ynashimiz shart — shunda hammasini o‘z foydamizga burib yubora olamiz. Norvegiyada ham yaxshi vaziyatlarimiz bo‘lgandi, ikki marta to‘p ustunga tekkan. Keyin esa raqibning qarshi hujumlarida muammolarga duch keldik — seshanba kuni aynan shu jihatda yanada ehtiyotkor bo‘lishimiz kerak. Men yigitlardan faqat o‘sha kuni o‘zlarining eng yaxshi o‘yinini ko‘rsatishni so‘rayman», — dedi Kivu A seriyasida «Lecce» ustidan 2:0 hisobidagi g‘alabadan keyingi matbuot anjumanida.
«Inter» — «Bude-Glimt» uchrashuvi 25-fevralga o‘tar kechasi 01:00 da (Toshkent vaqti bilan) boshlanadi.
“Zamin”ni Telegramʻda oʻqing!