Harri Keyn "Barselona" mish-mishlariga xotirjam javob qaytardi
![]()
Myunxenning "Bavariya" klubi hujumchisi Harri Keyn atrofida yana transfer gap-so‘zlari ko‘paydi. Bu safar mish-mishlar yo‘nalishi — "Barselona".
Avvalroq kataloniyaliklar prezidentligiga nomzod Xaviyer Vilaxoana “Keynning vakillari bilan aloqadamiz” degan ma’nodagi bayonot bergani aytilgan edi. Tabiiyki, bunday gapdan keyin muxlislarda bitta savol qoladi: “Rostdan ham Keyn Barsaga ketadimi?”
Keyn esa bu mavzuda juda xotirjam va “qirolona” javob berdi. Uning aytishicha, bu haqda o‘zi hech narsa eshitmagan. “Otam va akam barcha ishlarni yuritadi, lekin menga hech nimani aytmagan”, degan hujumchi. Eng muhimi — u hozir "Bavariya"da o‘zini juda baxtli his qilayotganini, diqqatini faqat mavsum va o‘yinlarga qaratganini ta’kidladi. Mish-mishlarni esa oddiy maqtov sifatida qabul qilishini qo‘shimcha qildi.
Statistika ham Keynda kayfiyat zo‘r ekanini “quruq gap” emasligini ko‘rsatyapti: hujumchi joriy mavsum barcha musobaqalarda 36 ta o‘yinda ishtirok etib, 43 ta gol urdi va 5 ta golli uzatma amalga oshirdi. Qisqasi, “formada emas” degan bahona yo‘q — bu yerda toza "gol mashina" rejim.
Shartnoma masalasida ham barchasi aniq: Keyning myunxenliklar bilan kelishuvi 2027-yil iyun oyi oxirigacha mo‘ljallangan. Transfermarkt portali esa uning bozor qiymatini 65 million yevro deb baholamoqda.
Xulosa oddiy: hozircha Keyn uchun “Barselona” mavzusi — fon, asosiy fokus esa “Bavariya” va mavsum. Lekin transfer bozorida bir qoida bor: kechagi mish-mish ertangi rasmiy xabarga aylanib ketishi ham hech gap emas.
“Zamin”ni Telegramʻda oʻqing!