Arteta MYu va Chelsi muxlislariga javob qaytardi

Londonning “Arsenal” jamoasi bosh murabbiyi Mikel Arteta chempionlik poygasida “Manchester Yunayted” va “Chelsi” muxlislari kimni yoqlayotgani haqidagi savolga munosabat bildirdi. Bu haqda euro-football.ru xabar beradi.
Odatda, “qizil iblislar” va “ko'klar” tarafdorlari “Arsenal”ning yana sovrinsiz qolishini istab, chempionlikni “Manchester Siti” olishini ma’qul ko'rishi aytiladi.
“Ular xohlagan jamoasini qo'llab-quvvatlashi mumkin, bu meni bezovta qilmaydi. Biz hozir chempionlik sari ketayapmiz, keyin nima bo'lishini vaqt ko'rsatadi. “Manchester Yunayted” va “Chelsi” muxlislari “Arsenal”ni yoqtirmagani uchun boshqa klubga yon bosishdan ko'ra, o'z jamoalarining kuchli to'rtlik uchun kurashiga e’tibor qaratgani ma’qul”, — dedi Arteta “Tottenhem” ustidan 4:1 hisobidagi g'alabadan keyingi intervyusida.
Ayni paytda “Arsenal” turnir jadvalida 61 ochko bilan yetakchilik qilmoqda. “Manchester Siti” 5 ochko ortda, biroq uning zaxirada bitta o'yini bor.
“Zamin”ni Telegramʻda oʻqing!