“Real”ning kechagi alamli mag‘lubiyati uchun kim aybdor ekani ma’lum bo‘ldi

Ispaniya chempionatining 26-turida «Real» o‘z maydonida «Xetafe»ni qabul qilib, ko‘pchilik kutmagan alamli mag‘lubiyatni qabul qildi. «Santyago Bernabeu»da kechgan bahsda mehmonlar imkoniyatdan ustalik bilan foydalanib, minimal hisobda g‘alabani ilib ketdi. Bu natija madridliklar uchun nafaqat ochko yo‘qotish, balki jamoa atrofidagi bosimning yanada kuchayishiga sabab bo‘ldi.
Uchrashuv taqdirini 39-daqiqada Martin Satriano hal qildi. Uning birinchi bo‘limda kiritgan yagona to‘pi «Xetafe»ga katta sensatsiyaga teng g‘alaba keltirdi. «Real» o‘yin davomida tashabbusni qo‘lga olishga urindi, bosimni oshirdi, ammo javob golini topa olmadi. Natijada madridliklar o‘z maydonida yana og‘ir zarba qabul qildi.
Bahsdan keyin «Real» bosh murabbiyi Alvaro Arbeloa mag‘lubiyat uchun javobgarlikni to‘liq o‘z zimmasiga oldi. U o‘z bayonotida bu mag‘lubiyat uchun aybni futbolchilarga yuklamasligini, asosiy mas’uliyat aynan o‘z bo‘ynida ekanini ochiq aytdi. Shuningdek, u jamoada sifat ham, salohiyat ham yetarli ekanini, o‘yinni yaxshilash va natijalarni to‘g‘ri yo‘lga solish imkoni borligini ta’kidladi.
- Men aybdorman. Bu faqat mening xatom. Bugungi o‘yindagi jasoratidan keyin futbolchilarimni ayblay olmayman. Ishlarimizni yaxshilash va o‘yinimizni kuchaytirish uchun salohiyatimiz bor, lekin asosiy javobgarlik mening bo‘ynimda, - dedi Alvaro Arbelov.
Arbeloaning bu chiqishi bir jihatdan murabbiy sifatidagi mas’uliyatini ko‘rsatsa, ikkinchi tomondan klubdagi vaziyat ancha jiddiylashayotganini ham anglatadi. Chunki ketma-ket omadsiz natijalar fonida har bir mag‘lubiyat nafaqat jadvalga, balki murabbiyning kelajagiga ham bevosita ta’sir qiladi. Ayrim tahlilchilar va nashrlar ham Arbeloa boshqaruvidagi so‘nggi natijalar uning o‘rni atrofidagi savollarni yanada ko‘paytirganini yozmoqda.
Qisqasi, «Real» uchun bu shunchaki bir o‘yindagi omadsizlik emas. Bu mag‘lubiyat jamoadagi muammolar, bosim va chempionlik poygasidagi qiyin holatni yanada yaqqolroq ko‘rsatib qo‘ydi. Endi madridliklar uchun har bir keyingi bahs oddiy uchrashuv emas, balki ishonchni tiklash va tanqidlarga amaliy javob qaytarish maydoniga aylanadi.
“Zamin”ni Telegramʻda oʻqing!