Temur Kapadze «Buxoro»ga qarshi bahsdan so‘ng o‘z fikrlarini bildirdi

Superliga 2-turidan o‘rin olgan «Navbahor» - «Buxoro» (0:1) uchrashuvidan so‘ng mezbonlar bosh murabbiyi Temur Kapadze matbuot anjumanida o‘z fikrlarini bildirdi.
- «Buxoro»ni g‘alaba bilan tabriklayman. O‘yin juda qiyin bo‘ldi. Raqib yaxshi himoyalandi va o‘yinni buzishga harakat qildi. Bunday vaqtda birgina vaziyat yoki gol hammasini birdaniga o‘zgartirib yuborishi mumkin edi. Afsuski, vaqtida gol ura olmadik. Gol urish uchun harakat qildik, ammo ko‘p ham imkoniyatga ega bo‘lmadik. Bunga «Buxoro» jamoasi ham yo‘l bermadi. Gol o‘tkazib yuborganimiz yaxshi bo‘lmadi.
Ochig‘i, raqib himoyasini yorib o‘tishga qiynaldik. Bu mavsumning boshi. Bunday o‘yinlardan keyin xatolardan xulosa chiqaramiz. Vahimali joyi yo‘q. Keyingi bahslarga yaxshi tayyorgarlik ko‘ramiz.
Bahs oldidan raqibni yaxshi o‘rgangandik. Ko‘proq himoyaga e’tibor qaratishini bilardik. Shunga yarasha tayyorgarlik ko‘rgandik. «Buxoro»ga qarshi bahs orqali kamchiliklarimizni ko‘rib oldik.
Vaziyatlardan foydalana olmaslik meni tashvishga solgani yo‘q. Legionerlar so‘nggi kunlarda jamoaga kelib qo‘shildi. Tarkibdagi boshqa futbolchilarning darajasi ham yuqori. Futbolchilarimga ishonaman. Mag‘lubiyat yoqimli bo‘lmasa-da, bundan yetarlicha xulosa qilishimiz mumkin.
Norchayev Italiyada davolanmoqda. Davolanish muddati yakuniga yetganidan so‘ng jamoaga kelib qo‘shiladi. Standart vaziyatlarga yaxshi tayyorgarlik ko‘rgandik. Raqib aynan shu tomondan bizni jazoladi va osonlikcha gol urib ketdi. Bunday holatlarni tahlil qilib chiqamiz», — dedi Kapadze deya uning so‘zlaridan keltiradi «Navbahor» matbuot xizmati.
“Zamin”ni Telegramʻda oʻqing!