Real Madrid tarkibni kuchaytirish uchun yangi nomlarni tanladi

Ispaniyaning "Real Madrid" klubi kelgusi yozgi transferlar oynasida tarkibini sezilarli darajada kuchaytirishni maqsad qilgan. "Qirollik klubi" rahbariyati ayniqsa markaziy himoya va tayanch yarim himoya chiziqlarida muammolar borligini anglagan holda, ushbu pozitsiyalarga yangi futbolchilarni jalb etishga qaror qildi.
Manbalarga ko'ra, madridliklarning asosiy nishonlari "Manchester Siti" yarim himoyachisi Rodri hamda "Borussiya Dortmund" himoyachisi Niko Shlotterbek bo'lib turibdi. "Real Madrid" ushbu ikki iqtidorli futbolchini o'z safiga qo'shib olish uchun klub byudjetidan 100 million yevro mablag' ajratishga tayyor. Ta'kidlash joizki, "Transfermarkt" portali Rodrini 75 million yevroga, 26 yoshli Shlotterbekni esa 55 million yevroga baholamoqda.
Ayni damda "qaymoqranglilar" Ispaniya La Ligasida 2 o'rinda bormoqda. Jamoa chempionlik poygasida raqobatni kuchaytirish uchun tarkibdagi bo'shliqlarni to'ldirishni ustuvor vazifa deb bilmoqda. Agar ushbu transferlar amalga oshsa, "Real Madrid" o'z o'yin sifatini yanada oshirishi kutilmoqda.
“Zamin”ni Telegramʻda oʻqing!